28 dekabr kuni Adliya vazirligida «Pandemiya 2020: chaqiriqlar, xulosalar, oqibatlar» va «Huquq bilimdonlari» tanlovlari g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda «Gazeta.uz» pandemiyaga bag‘ishlangan tanlovning «Adliya e’tirofi» nominatsiyasida g‘olib deb e’lon qilindi.

Adliya vazirligi e’tirofiga ko‘ra, «Gazeta.uz» pandemiya davrida aholining huquqiy ong va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, inson huquq va erkinliklariga hurmat munosabatini shakllantirishga hamda jamiyatda fuqarolarning huquqiy savodxonligini yuksaltirishga qaratilgan huquqiy-tahliliy materiallar tayyorlashda faol bo‘lgan.

«Pandemiya 2020: chaqiriqlar, xulosalar, oqibatlar» tanlovi bo‘yicha asosiy g‘oliblar:

I. Pandemiya davrida eng yaxshi jurnalistik material:

1-o‘rin — Asror Muminov (matbuot);

2-o‘rin — Yulduz Olimova (televideniye);

3-o‘rin — Dildora Matyoqubova (radio).

II. Pandemiya davrida eng yaxshi blogpost:

1-o‘rin — Anora Sodiqova;

2-o‘rin — Obidjon Latipov;

3-o‘rin — Baxodir Axmedov.

Qayd etilishicha, oktyabr oyida e’lon qilingan «Pandemiya 2020: chaqiriqlar, xulosalar, oqibatlar» tanlovida ommaviy axborot vositalarida faoliyat yurituvchi jurnalistlar, erkin jurnalistlar, blogerlar, jamoatchilik faollari ishtirok etdi. 30 noyabr kuni soat 24:00 ga qadar 69 nafar ishtirokchidan 461 ta material kelib tushdi. Shundan 120 tasi televideniye, 56 tasi radio, 51 tasi matbuot hamda 234 tasi internet nashrlar va ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilingan materiallardir.

Tanlovga kelib tushgan materiallar komissiya a’zolari tomonidan bir nechta mezonlar asosida, jumladan, materialning to‘g‘ri va xolisligi, mazmuni va ta’sirchanligi, dolzarbligi, sodda va tushunarli ekanligi hamda ma’lumotlardan unumli foydalanilganlik darajalari asosida baholandi.

Shuningdek, marosimda Adliya vazirligi tomonidan aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yanada oshirish, fuqarolarning o‘z huquqlarini bilishlariga qiziqtirish maqsadida joriy yil 12 oktyabr kuni start berilgan «Huquq bilimdonlari» tanlovi g‘oliblari ham taqdirlandi.