Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun rossiyalik hamkorlar bilan o‘tkazilgan muzokaralar davomida TAPOiCh aviasozlar zavodining taqdirini ham muhokama qilganini ma’lum qildi, deya «Gazeta.uz» muxbiri uning so‘zlarini keltirmoqda.

«Ochiq gap bugun mana rossiyalik hamkorlarimiz bilan o‘sha TAPOiChni taqdiri, kelajagi to‘g‘risida ham gaplashdik. Sekin-sekin sirni ochib yuboray, nimagaki meni ham alamim bor. Dunyoda sanoqli samolyot chiqaradigan davlatlar bor edi, biz uni o‘z qo‘limiz bilan yopdik, ming afsus. U yerda qanday qanday muhandislar ishlar edi. Qanday yoshlar ishlar edi. Qanday kelajagi bor edi. Lekin baribir biz uni tiklashga juda ko‘p harakat qilayapmiz. Shuning uchun mana bugun hamkorlarimiz bilan bu to‘g‘risida ham gaplashdik», — dedi davlat rahbari. 4 dekabr kuni prezident Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov bilan мuзокаралар o‘tkazdi.

Davlat rahbari Toshkent metallurgiya zavodi nega aynan poytaxtda qurilganiga to‘xtalib, zavod Bekobodda qurilganida ancha arzonroqqa tushishi mumkinligini qayd etdi.

«Men bugun bu sirni aytyapman, yana bir bor aytaman. O‘zi ochig‘ini aytsak, hamma narsa tayyor — yo‘l, temiryo‘l qayerda edi? Bekobodda edi. Bekobodda ham qursa bo‘lardi bu zavodni. Lekin u paytda bunday uylar yo‘q edi, bunday katta-katta yangi tumanni [Yangihayot tumanidagi zavod — tahr.] tashkil qilish birovni hayolida yo‘q edi. Lekin men baribir mana shu tumanda ochamiz va Toshkentda yoshlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha eng zamonaviy korxonani quramiz dedim», — dedi prezident.

Davlat rahbari shuningdek, Toshkentning sobiq rahbarlari zavodning ekologiyaga ta’siri haqida ogohlantirgani haqida gapirdi. «Tushunmaydi, bu zamonaviy korxonada chiqayotgan gazni ham yig‘ib oladigan uskunasi bor. Biz hozir boshqa joylarda, Qashqadaryoda, Buxoroda mana shu texnologiyani joriy qilayapmiz», — deya qo‘shimcha qildi.

Eslatib o‘tamiz, Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi 1941 yilda paydo bo‘lgan — 1932 yilda Moskva yaqinidagi Ximki shahrida tashkil etilgan zavod urush boshlanishi bilan Toshkentga evakuatsiya qilingan. Kompaniyaning so‘nggi samolyoti 2012 yil yozida chiqarildi. Hozirda TAPOiChning asosiy hududida Toshkent mexanika zavodi joylashgan.