Gaz bosimi pasayishi natijasida «Quvasoysement» va «Ohangaronsement» tomonidan sement ishlab chiqarish to‘xtatilgan. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining xabar berishicha, havo haroratining keskin pasayishi aholining gazga bo‘lgan ehtiyojini oshirib, natijada sement ishlab chiqaruvchilarga yetkazib beriladigan gaz bosimining pasaygan.

Sement ishlab chiqarilishi to‘xtatilganidan keyin har ikki ishlab chiqaruvchining sement mahsuloti o‘tgan haftada fond birja ro‘yxatiga olinmagan. Natijada, sement bozorida o‘rtacha kunlik savdo hajmi 46 ming tonnadan 30 ming tonnagacha yoki 34 foizga kamaydi.

«Sotilgan sement hajmi 141 ming 919 tonnani tashkil etgan bo‘lib, bu avvalgi kim oshdi savdosida sotilgan sement hajmidan 68 ming 456 tonnaga kamdir (32,5 foizga kam)», — deyiladi xabarnomada.

Bundan tashqari, savdo hajmining pasayishi narx oshishiga olib keldi. Masalan, hafta boshida 1 kg sement 512 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, hafta oxirida u 539,1 so‘mgacha (yoki 5% ga) ko‘tarildi. Savdo ishtirokchilar soni esa 1054 dan 817 nafarga, xaridorlar soni 556 nafardan 373 nafargacha kamaydi.

«O‘zsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi, shuningdek, «qurilish mavsumi tugaganiga» qaramay, sement yetkazib berish hajmining pasayishi va narxlarning ko‘tarilishini ta’kidladi.

Avvalroq, O‘zbekiston Energetika vazirligi sement ishlab chiqarish korxonalariga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatish haqidagi xabarlarni rad etgan edi.