Ijtimoy tarmoqlarda Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonovning ovozi qayd etilgan bir nechta audio yozuvlar tarqaldi. Birinchi yozuvda hokim Marhamat tumanida uch nafar ayolni 15 sutkaga qamatgani va jurnalistlarga do‘q-po‘pisa qilgani haqida gapirib bergan. Иккинчисида tadbirkorlarni «shakal»ga tenglashtirgan. Учинчисида esa shaxsi ochiqlanmagan odamlarni «sassiq» deb atagan. Keyinroq, uchinchi audio 2019 yilning iyun oyida tarqalgan yozuvning bir qismi ekani ma’lum bo‘ldi.

Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmatining ta’kidlashicha, ushbu audiolarni ketma -ket tarqalishi ortida Shuhrat Abdurahmonovga nisbatan axboriy hujumlar uyushtirish, jurnalistlar va fuqarolarning munosabatlarini boshqa tarafga yo‘naltirish, viloyat hokimi hamda tadbirkorlar o‘rtasida sun’iy to‘siqlarni yuzaga keltirish kabi maqsadlar yotibdi.

Ta’kidlanishicha, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ikki yil muqaddam yozib olingan audiolarning ma’lum qismini g‘arazli maqsadda kesib, «hayp» qilish niyatida qayta tarqatmoqda.

Hokimiyat soha mutaxassislarini jalb qilib, tarqalgan audioyozuvlarni o‘rgandi. Natijada, yozuvlar «alohida mutaxassislar» yordamida turli xil audiolardan kesib olib, montaj qilingani ma’lum bo‘lgan, deyiladi xabarda.

Viloyat ma’muriyati bu audioyozuvlar yillar davomida bir guruh shaxslar tomonidan yig‘ib borilgani, Shuhrat Abdurahmonovning imidjiga ta’sir ko‘rsatish niyatida puxta o‘ylangan reja asosida amalga oshirilayotganini ta’kidlagan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan «shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish uchun» dastlabki surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda.