AQSH prezidenti Donald Trampning qizi Ivankaga nisbatan tergov ishlari boshlandi

Nyu-York bosh prokuraturasi AQSH prezidenti Donald Trampning qizi Ivankaga nisbatan tergov ishlarini boshladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, prezident soliqlarni to‘lamaslik uchun millionlab dollarlarni konsalting xizmatlariga o‘tkazgan, aslida bu pullar qizining hisobiga tushgan. Prokuratura sentyabr oyi oxirida Tramp o‘n yil davomida federal daromad solig‘ini to‘lamagani to‘g‘risidagi ma’lumotlar tarqalganidan keyin tergov ishlarini boshladi. — The New York Times.

Armaniston poytaxtida namoyishchilar bosh vazirning iste’fosini talab qilishmoqda

Foto: Aleksandr Ryumin / TASS

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning iste’fosini talab qilayotgan oppozitsiya faollari Yeravanning bir necha markaziy ko‘chalarini to‘sib qo‘yishdi. Namoyishchilar Tog‘li Qorabog‘dagi mag‘lubiyatda Pashinyanni ayblashmoqda. «Nikol xoin!», «Nikol ketishi kerak», — deb qichqirishmoqda namoyish qatnashchilari. — TASS.

Yalpi jahon qarzi 277 trln dollarni tashkil etishi mumkin

Koronavirus pandemiyasi tufayli yalpi jahon qarzi shu yil oxiriga kelib rekord darajadagi 277 trln dollarni (jahon YAIMning 365 foizi) tashkil etishi kutilmoqda. Qarz o‘tgan yilning oxiriga nisbatan 15 trln dollarga ko‘paydi. Rivojlanayotgan mamlakatlarning qarzi ularning yalpi ichki mahsulotining qariyb 210 foizini tashkil etmoqda. Mutaxassislar dunyo miqyosidagi qarzlarning o‘sishiga sabab sifatida past foiz stavkalari tufayli davlatlar va korporatsiyalar tomonidan beriladigan kreditlar sonining ko‘payishini keltirib o‘tdilar. — Institute of Internatioal Finance.

Seulda koronavirusning uchinchi to‘lqini boshlandi

Koreya Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Yun Ta Xo Seulda koronavirusning uchinchi to‘lqini boshlanganini e’lon qildi. Mamlakatda kasallikka chalinish holatlari ko‘paymoqda. Mamlakat bosh vaziri Chong Se Gyun fuqarolarni ommaviy tadbirlarni, shu jumladan yangi yil bayramlarini o‘tkazmaslikka chaqirdi. Shuningdek, kompaniya rahbarlariga ishdan keyin qo‘shma tadbirlar o‘tkazmaslik va masofadan turib ishlaydigan xodimlar sonini ko‘paytirish tavsiya qilindi. — TASS.

Pfizer vaksinasi 15,5 yevroga baholanmoqda

Amerikaning Pfizer va Germaniyaning BioNTech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi vaksinaning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun narxi bir dozasi uchun 15,5 yevroni (18,34 dollar) tashkil etadi. — Gazeta.uz

Belarusda ijtimoiy tarmoqdagi kanal asoschilari terroristlar ro‘yxatiga kiritildi

Belarus xavfsizlik xizmati mamlakatning eng mashhur Telegram kanali asoschisi va uning sobiq bosh muharririni kuzatib boriladigan terrorchilar ro‘yxatiga kiritdi. Nexta va Nexta Live kanallarining asoschisi 22 yoshli Stepan Putilo va 25 yoshli Roman Protasevich Belarus fuqarolari bo‘lib, davlat xavfsizlik qo‘mitasi tomonidan tuzilgan 700 dan ortiq «terroristik faoliyatga aloqador shaxslar» ro‘yxatiga kiritildi. 726 shaxsdan iborat bo‘lgan ushbu ruyxat 19 noyabr kuni KGB (Davlat xavfsizlik qo‘mitasi) saytida yangilandi. — Gazeta.uz