AQshning Pensilvaniya shtatida o‘n minglab saylov byulletenlari bekor qilindi. Bunga byulletenlarda shaxsi keltirilgan saylovchilar o‘zlarini tasdiqlamagani sabab bo‘lmoqda. Biroq AQSH ommaviy axborot vositalari bu holat shtatdagi saylovlar natijalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmasligiga ishonch bildirishmoqda, deya xabar berdi RBK.

The Philadelphia Inquirer gazetasining xabar berishicha, Pensilvaniya apellyatsiya sudi pochta orqali yuborilgan ovozlarni hisoblashda amaldagi prezident Donald Trampning da’vosini qabul qildi.

Da’vo pochta orqali qabul qilingan va saylovchilarning shaxsi tasdiqlanmagan byulletenlarga tegishli. Ushbu shtat qonunchiligiga binoan, fuqarolar o‘z ovozlarini saylovdan keyin olti kun ichida (ya’ni 9 noyabrgacha) tasdiqlashlari mumkin edi. Biroq davlat kotibi Keti Bokvar bu muddatni 12 noyabrga qadar uzaytirdi.

Sud Bokvarning saylov komissiyalariga saylovchilarning shaxsini tasdiqlash muddatini uzaytirish to‘g‘risida ko‘rsatma berish vakolatiga ega emasligi to‘g‘risida qaror chiqardi. Natijada davlat kotibining qarori bekor qilindi.

The Philadelphia Inquirer nashrining yozishicha, rad etilgan byulletenlar Pensilvaniya shtatidagi ovoz berish natijalariga kiritilmagan. Unga ko‘ra demokrat Jo Bayden Trampdan 54 ming ovoz oldinda. Shuning uchun, qaror ovoz berish natijalariga ta’sir qilmasligi taxmin qilinmoqda.

Pensilvaniya bir necha kun davomida «ikkilanuvchi» shtatlardan biri bo‘lib turdi. So‘nggi natijalarga ko‘ra g‘alaba Baydenga berildi. Trampning aytishicha, shtatdagi o‘n minglab ovozlar «noqonuniy ravishda o‘zgartirilgan» va shu sababdan u yerda u o‘z yetakchiligini yo‘qotgan. Uning sheriklari saylov natijalarini ko‘rib chiqish uchun bir nechta da’vo arizalarini yuborishdi.

Oliy sud Pensilvaniya Respublikachilar partiyasining so‘rovini qanoatlantirdi va 3 noyabr kuni saylov uchastkalari yopilganidan keyin pochta orqali yuborilgan byulletenlarni hisobga olmay turishni buyurdi.

Prezident jamoasi shuningdek, Pensilvaniya hukumatiga qarshi da’vo qo‘zg‘adi. Tramp shtabining ta’kidlashicha, shtat hukumati AQSH Konstitutsiyasiga zid bo‘lgan «noqonuniy ikki bosqichli ovoz berish tizimini» yaratgan. Keti Bokvar federal sudyadan da’voni bekor qilishni so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, 7 noyabr kuni AQSH OAVlari 270 tadan ortiq ovoz yig‘ganidan so‘ng Baydenning g‘alabasini e’lon qilgan edi. Shuningdek, Donald Tramp ushbu shtatlardagi ovozlarni hisoblash bo‘yicha shikoyat qilmoqchi ekani haqida yozgan edik.