«Haj» va «Umra» ziyoratini O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etish taklif etilmoqda. Bu haqda Xushnudbek.uz Telegram kanali ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, hukumatning «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida hujjat loyihasi ishlab chiqildi.

Hujjat loyihasida 2021 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda respublika fuqarolarining «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faqat O‘zbekiston Musulmonlari idorasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshirilishiga oid qoida belgilangan.

«O‘zbekiston Respublikasida boshqa tashkilotlarning „Haj“ va „Umra“ tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq faoliyat bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi», — deyiladi loyihada.

Xushnudbek.uz kanalining ma’lum qilishicha, hozirgi mavjud qonunchilikda xususiy tur operatorlariga «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etishga biror yozma taqiq yo‘q.

2018 yilning oktyabr oyida Umra safariga boruvchi ziyoratchilarning sonini belgilash bo‘yicha (kvota) cheklovlar olib tashlangan edi.

2020 yilning fevral oyida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov qo‘mita tomonidan Saudiya Arabistonining Toshkentdagi elchixonasidan O‘zbekiston fuqarolariga Umra vizasini mustaqil taqdim etmaslik yoxud xususiy shirkatlar orqali murojaat qilgan shaxslarning so‘rovini qanoatlantirmaslikni so‘ralmaganligini ta’kidlagan edi.

Ammo O‘zbekiston Musulmonlari idorasi xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Muhammad Akmalxon Shokirov Saudiya tomoniga muayyan mazmundagi iltimosnoma kiritilganini tasdiqlagan.

«Tasavvur qiling, ota-onangiz Umraga borish uchun navbatda uch yildan beri turibdi. Boshqa tarafdan bir odam kelib, Umraga borish istagida elchixonaga murojaat qilmoqda. Adolat mezoni buzilmoqda. Haligi odamni to‘xtatib, nega navbatsiz ketyapsan, degan bo‘lardingiz. Ana shu adolat mezoni buzilmasligi maqsadida Saudiya Arabistoning O‘zbekistondagi elchixonasidan iltimos qilinganki, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi taqdim etgan ro‘yxatdan tashqari boshqa fuqarolarga, iloji bo‘lsa, Umra vizasi berilmasin», — degan edi u.

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Umra ishlarini tashkil etishda Saudiya Arabistonining Al Hidoya Hajj, Umrah & Tourism kompaniyasi bilan hamkorlik qilib keladi. Ushbu hamkorlik 2008 yili boshlangan, o‘tgan vaqt ichida Umra ishini tashkil etishda boshqa xorijiy shirkat yoxud mahalliy turfirmalar muntazam ishtirok etmagan.