Qashqadaryo viloyati hokimiyati Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan koronavirus pandemiyasi davrida vafot etgan shifokor va hamshiralar shaxslarini oshkor qildi. Hozirga qadar O‘zbekistonda olamdan o‘tgan tibbiyot xodimlarining nomlari ma’lum qilinmagan edi.

Vafot etgan 21 nafar shifokor va 6 nafar hamshira, jami 27 nafar tibbiyot xodimi oila a’zolariga 240 mln so‘m miqdorda bir martalik moddiy yordam puli ajratilgan. Shifokorlar oila a’zolariga — 10 mln so‘m, hamshiralar oila a’zolariga — 5 mln so‘mdan tarqatilmoqda.

«Insonlar salomatligi yo‘lida jonlarini fido qilgan shifokor va hamshiralarimizning oila a’zolariga ajratilagan bir martalik yordam pullari bugunni o‘zida yetkaziladi», — deya ta’kidladi viloyat hokimi Zoyir Mirzayev.

Ro‘yxatda shaxslarning vafot etgan sanasi keltirilmagan. Lekin, 2020 yilda vafot etgan shifokorlar xotirasiga bag‘ishlangan «Fidokorlar» telegram kanalida tibbiyot xodimlarining ism-shariflari, fotosuratlari muntazam chop etib kelinmoqda. Ular qatorida hokimiyat ro‘yxatidagi shifokor va hamshiralar ham bor.

2020 yilda vafot etgan tibbiyot xodimlari ro‘yxati:

1. Nurmatov Sherali Nazarovich — Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 2020 yil vafot etgan. Qarshi shahri. «Fidokorlar» kanalida e’lon qilingan sanasi — 22 avgust (bu olamdan o‘tgan kuni emas, balki e’lon qilingan sanasi)

2. Muzaffarov Raul Kamolovich — Viloyat sanitariya-epedimiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati epedimiologiya bo‘limi mudiri bo‘lib ishlagan. 2020 yil vafot etgan. Qarshi shahri. 14 sentyabr.

3. Ko‘charov Xo‘ja Umarovich — Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filiali toksikologiya bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan. 2020 yil vafot etgan. Qarshi shahri. 21 oktyabr.

4. Yakubov Kengboy Ibragimovich — Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filiali rentgenolog shifokori bo‘lib ishlagan. 2020 yil vafot etgan. Koson tumani. 14 avgust.

5. Boymurodov Xanjar Boxorovich — Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filiali neyroxirurgiya bo‘limi shifokori bo‘lib ishlagan. 2020 yil vafot etgan. Qarshi shahri. 21 oktyabr.

6. Imomov Buron Buriyevich — Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi yiringli xirurgiya bo‘limi shifokori bo‘lib ishlagan. 2020 yil vafot etgan. Qarshi tumani. 3 sentyabr.

7. Vazirov Bekmurod Ma’diyevich — Viloyat 1-son asab-ruxiy kasalliklar dispanseri 6-psixiatriya bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan. 2020 yil vafot etgan. Qarshi shahri. 18 avgust.

8. Abiraxmatov Parda Xaitovich — G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasi, Qovchin QVP umumiy amaliyot shifokori bo‘lib ishlagan. 2020 yil vafot etgan. G‘uzor tumani.

9. Raximov Sayfulla Karimovich — G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasi SHTYO xirurgiya bo‘limi shifokori bo‘lib ishlagan. 2020 yil vafot etgan. G‘uzor tumani. 1 oktyabr.

10. Ko‘chimova Setora Eraliyevna — G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasi SHTYO terapiya bo‘limi xamshirasi bo‘lib ishlagan. 2020 yil vafot etgan. G‘uzor tumani. 25 sentyab.

11. Elmurodova Elnora Nuriddin qizi — G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasi SHTYO xirurgiya bo‘limi xamshirasi bo‘lib ishlagan. 2020 yil vafot etgan. G‘uzor tumani.

12. Toshpo‘latova Saodat Tojiyevna — G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasi tug‘ruq bo‘limi xamshirasi bo‘lib ishlagan. 2020 yil vafot etgan. G‘uzor tumani.

13. Chaqqonova Barno Muxiddinovna — G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasi SHTYO terapiya bo‘limi orastabonusi bo‘lib ishlagan. 2020 yil vafot etgan. G‘uzor tumani.

14. Ismatova Maxbuba O‘rinovna — Qarshi tuman tibbiyot birlashmasi tug‘ruq bo‘limi mudiri bo‘lib ishlagan. 2020 yil vafot etgan. Qarshi tumani. 14 avgust.

15. Omonova Navbaxor Raxmatullayevna — Qarshi tuman tibbiyot birlashmasi 57-qishloq oilaviy poliklinikasi akusher-ginekolog shifokori bo‘lib ishlagan. 2020 yil vafot etgan. Qarshi shahri. 14 avgust.

16. Xudoyberdiyeva Dilbar Raxmanovna — Qarshi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi immunolog vrachi bo‘lib ishlagan. 2020 yil vafot etgan. Qarshi tumani. 15 avgust.

17. Jo‘rayev Baxodir Kenjayevich — Qarshi tuman tibbiyot birlashmasi 52-qishloq oilaviy poliklinikasi umumiy amaliyot shifokori bo‘lib ishlagan. 2020 yil vafot etgan. Qarshi tumani.

18. Qo‘shoqov Xusan Pardayevich — Dehqonobod tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 2020 yil vafot etgan. Dehqonobod tumani.

19. Saodatov Bobomurod Qaxxarovich — Dehqonobod tuman tibbiyot birlashmasi 3-son qishloq oilaviy poliklinikasi patronaj xamshirasi bo‘lib ishlagan. 2020 yil vafot etgan. Dehqonobod tumani.

20. Utanov Qulmuxammad — Dehqonobod ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi teri-tanosil kasalliklari shifokori bo‘lib ishlagan. 2020 yil vafot etgan. Dehqonobod tumani.

21. Ibragimov Ashur Raxmatullayevich — Qamashi tuman tibbiyot birlashmasi 51-son qishloq oilaviy poliklinikasi patronaj xamshirasi bo‘lib ishlagan. 2020 yil vafot etgan. Qamashi tumani.17 avgust.

22. Suyunov Baxtiyor Turdiyevich — Qamashi tuman tibbiyot birlashmasi TTYO bo‘limi vrachi bo‘lib ishlagan. 2020 yil vafot etgan. Qamashi tumani.

23. Xidirova Xadicha Nazarovna — Qamashi tuman tibbiyot birlashmasi ginekologiya bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlagan. 2020 yil vafot etgan. Qamashi tumani. 15 oktyabr.

24. Nazarov Mamayoqub Usmonovich — Kitob tuman tibbiyot birlashmasi reanimatolog shifokori bo‘lib ishlagan. 2020 yil vafot etgan. Kitob tumani. 30 sentyabr.

25. Ashurov Tulqin Abdullayevich — Chiroqchi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan. 2020 yil vafot etgan. Qarshi shahri. 31 avgust.

26. Ismoilova Shoira Negmatovna — Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasi akusher-ginekolog shifokori bo‘lib ishlagan. 2020 yil vafot etgan. Shahrisabz shahri. 13 oktyabr

27. Fayziyev Shukrullo — Shahrisabz tuman tibbiyot birlashmasi pediator shifokori bo‘lib ishlagan. 2020 yil vafot etgan. Shahrisabz tumani. 6 oktyabr.

«Shifokorlik kasbini yoshligidan sevib, tibbiyot oliygohlarida o‘qib, umrini shu kasbga bag‘ishlagan va pandemiya paytida vafot etgan yuqoridagi vohadoshlarimiz orasida 1995−1985 yillarda tug‘ilgan hamda yarim umrini shu sohaning sir-asrorlarini o‘rganishga bag‘ishlab, endigina turmush qurgan yoki faoliyatini endi boshlaganlari ham bor edi. Afsus…», — dedi viloyat hokimi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, yuqorida nomlari qayd etilgan shifokor va hamshiralar nafaqat koronavirusdan balki, pnevmoniya kabi yo‘ldosh kasalliklar oqibatida ham vafot etgan.

«Fidokorlar» telegram kanali ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda 485 nafardan ortiq tibbiyot xodimlari vafot etgan. 30 iyul kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi faqatgina ikki nafar tibbiyot xodimi COVID-19dan vafot etganini ma’lum qilgandi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» Davlat statistika qo‘mitasining vafot etganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarini tahlil qilib chiqqan edi. Unda iyul oyida O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi tufayli halok bo‘lganlar soni 26,4 foizga, Toshkentda esa 2,6 martaga oshgani ma’lum bo‘lgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘limlarning ko‘payishi sabablari haqida tahririyat so‘roviga javob bermadi.

Bundan tashqari, Davlat statistika qo‘mitasi so‘nggi yillarda ilk bor, to‘qqiz oy yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda demografik vaziyat haqidagi hisobotga o‘lim statistikasini kiritmadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining 7 noyabrdagi rasmiy statistikasi bo‘yicha O‘zbekistonda 583 nafar shaxs koronavirusdan vafot etgani qayd etilgan.