Tayvanda 200 kun mobaynida koronavirusga chalinish yangi holatlari kuzatilmadi

Tayvanda 200 kundan ortiq davr mobaynida COVID-19 infeksiyasini yuqtirish holatlari kuzatilmadi. Bunday natijaga erishish uchun hukumat tezkor choralar va karantin qoidalari ustuvorligini ta’minlashda texnologiyalardan foydalangani yordam berdi. Tayvan epidemiyaning boshida qattiq choralar ko‘rdi, jumladan butun aholi niqob taqishga majburlandi, yil boshida barcha mamlakat chegaralari yopildi, yuqumli kasalliklarga chalinish holatlarini kuzatish uchun eng yangi texnologiyalardan foydalanildi. — Bloomberg

NASA va ESA Oy yaqinida orbital stansiyani yaratishadi

Foto: nasa.gov/gateway

NASA va Yevropa kosmik agentligi (ESA) Artemis Gateway kelishuvini imzolab, birgalikda Gateway Oy yaqinidagi orbital stansiyani yaratishga kelishishdi. Kelishuvga ko‘ra, ESA Gateway uchun boshqariladigan va yonilg‘i quyish modullarini, shuningdek aloqa uskunalarini taqdim etadi. ESA, shuningdek, Amerikaning “Orion” kosmik kemasi uchun odamlarni Yerning tabiiy sun’iy yo‘ldoshiga yuborish uchun mo‘ljallangan modulini yaratishga mas’uliyat olgan. — NASA

Kiprda karantinga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tdi

Kiprning Limasol shahrida koronavirus cheklovlariga qarshi uyushtirilgan namoyishlar tartibsizliklarga aylanib ketdi. Mitingda qatnashgan 400 ga yaqin kishi komendantlik soati bekor qilinishini va 5G aloqa uskunalarini o‘rnatishga yo‘l qo‘ymaslikni talab qildi. Namoyishlar vaqtida bir necha politsiya zobiti va harbiy xizmatchilari jarohat olishdi. — Philenews

Nitsada noma’lum shaxs cherkov yaqinida odamlarga pichoq bilan hujum qildi

Noma’lum shaxs Fransiyaning Nitsa shahridagi Notr-Dam cherkovida odamlarga pichoq bilan hujum qildi. Hodisa ertalab soat 9:00 atrofida yuz bergan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uch kishi halok bo‘lgan va bir necha kishi yaralangan. Qurbonlardan birining boshi olingan. Hujum qilgan shaxs hibsga olingan, shahar meri Kristian Estrozi buni tasdiqladi va voqeani terakt deb atadi. — Gazeta.uz

Fransiya va Germaniya yana ommaviy karantin e’lon qildi

Epidemiya tarqalishi keskin ko‘paygani sababli Fransiya hukumati 30 oktyabrdan 1 dekabrgacha umummilliy karantin joriy qildi. Chorshanba kuni bu haqda prezident Emmanuel Makron maxsus telemurojaatida e’lon qildi. Fuqarolardan faqat asosiy iste’mol mahsulotlarini xarid qilish, ish joylariga va yaqinlarni ko‘rgani borish uchungina uylarni tark etish so‘ralmoqda. Bahorgi karantindan farqli o‘laroq, bolalar bog‘chalari va maktablar yopilmaydi. Universitet talabalariga masofaviy ta’limni imkoniyat darajasida tashkil etish taklifi beriladi. Qarindoshlardan xabar olib turish uchun qariyalar uylari ham sanitariya choralariga qat’iy rioya qilgan holda ochiq bo‘lishi aytilmoqda. Asosiy ehtiyojlar ro‘yxatida bo‘lmagan restoran, bar va savdo markazlari yopiladi. — Gazeta.uz