Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 oktyabr kuni sanoat tarmoqlaridagi 9 oylik natijalar va yil yakunigacha bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, iqtisodiyotda yuqori qo‘shilgan qiymatni ta’minlovchi qayta ishlash sanoatida 9 oyda qariyb 3 foiz o‘sish qayd etildi. Xususan, elektr texnikasi ishlab chiqarish 25 foiz, to‘qimachilik mahsulotlari 12 foiz, metall rudalari qazish 7 foiz va qurilish materiallari 6 foizga o‘sgan.

Shuningdek, avtomobillar 1,5 baravar, elektr texnikasi mahsulotlari 1,3 barobar, to‘qimachilik tovarlari 16 foiz, mis sim 15 foiz ko‘p eksport qilindi.

Natijada yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’ati 0,4 foiz ijobiy darajada saqlab qolindi va byudjet daromadi 1,9 trillion so‘m ortig‘i bilan bajarilishiga erishildi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, «bu peshona terimiz bilan qilgan mehnatimizning natijasi». «Hozirgi dunyo hamjamiyatida ancha-muncha davlat bunga erishmagan. Eng katta masala — biz o‘zimizni rejalarimizni bajardik», — dedi prezident.

Shu bilan bir qatorda, ayrim tarmoq va hududlarda ishlab chiqarishda qoloqlikka yo‘l qo‘yilgani oqibatida sanoat mahsulotlari bo‘yicha umumiy ko‘rsatkich 2,7 foizga kamaygan. Orqada qolayotgan korxonalar faoliyati tanqid qilindi, ularning rahbarlari egallab turgan lavozimiga muvofiqligi masalasi ko‘rib chiqildi, deya xabar berdi matbuot xizmati.

«Lekin mana shunday og‘ir sharoitda, og‘ir yilda odamlarni ish bilan ta’minlash, YAIMning rejalashtirilgan ko‘rsatkichlariga yetishmagan tarmoq va hudud rahbarlari ishdan olinib, jinoiy javobgarlikka tortiladi. Hamma sharoitlar yaratib berildi. Shunday imkoniyatlardan foydalanmagan rahbarlar qanday ishlashi mumkin? Hozirgi siyosatga hiyonat qilyapti. Hozirgi og‘ir sharoitimizni tushunmayotgan odamlar, dunyoqarashi o‘zgarmagan, vatanparvarligi yo‘q, faqat o‘zini o‘ylaydi. Коррuпция bilan oldingi tizim ko‘plarga ma’qul. Bo‘lmaydi u tizim boshqa», — deb ta’kidladi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev davlat korxonalari bilan O‘zbekiston ko‘zlangan maqsadlarga erisha olmasligini ta’kidladi.

«Davlat korxonalari qolmaydi. Davlat korxonasi qoldimi, demak biz ko‘zlangan marralarga yeta olmaymiz. Raqobatbardosh mahsulotlar bo‘lmaydi. Biz tizim, tartib, temir intizomga kelishib olgandik biz. Birinchi kundanoq korrupsiyaga qarshi kurashamiz deb kelishib oldik. Lekin hali ko‘p rahbarlar bunga e’tibor qilmayapti, bunga munosib bo‘lib ishlay olmayapti», — deya ta’kidladi u.

Prezident, shuningdek, rahbarlar muammoni hal qilish uchun uni to‘g‘ri aniqlay olishlari zarurligini ta’kidladilar.

«Bugungi muhokama bo‘yicha nima choralar ko‘riladi, nima to‘siq, nima muammo bor. Muammoni o‘zini to‘g‘ri qo‘yish ham 50% muvaffaqiyat. Kim muammoni qo‘ya olmaydi — befarq odam. Tannarx, innovatsiya kerak, bilim kerak. Bizda juda katta imkoniyatlar bor. Ko‘proq olimlar bilan muhokama qilib, yoshlarni, oliygohlarni ichiga kirib, kafedralarda filiallarni tuzgan rahbarni kelajagi bor. Qanday og‘ir bo‘lmasin, raqobat muhitini yaratmasak, bugun muvaffaqiyat qilamiz, ammo ertaga yutqazamiz», — dedi davlat rahbari.

Xuddi shu yig‘ilishda, Shavkat Mirziyoyev yil oxiriga qadar tabiiy gaz ishlab chiqarishni ko‘paytirish va ichki bozorni qo‘shimcha yetkazib berishni ta’minlash bo‘yicha topshiriq bergan edi.