Energetika vaziri, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, Qashqadaryo viloyati hokimi, «O‘zbekneftgaz» AJ vakillari 21 oktyabr kuni ertalab Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi GTL zavodi qurilish maydonchalarining birida yuz bergan norozilikda ishtirok etayotgan ishchilar bilan uchrashdi, deya xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati. Uchrashuvda ishchilar o‘z e’tirozlarini bayon qilishdi.

Xabarga ko‘ra, ishchilarni tashvishga solayotgan asosiy muammo pandemiya davrida 40−45 kun davomida ob’ektdan chiqmay ishlash tartibi o‘rnatilgan. Bu, o‘z navbatida, ularning yaqinlari bilan ko‘p vaqt ko‘rishmasligiga olib kelgan. Ishchilar qat’iy karantin chora-tadbirlarining bekor qilinishi, ya’ni vaxta usulida ishlash tartibi — ob’ektda 22 kun ishlash va 8 kun dam olishga o‘tkazilishini so‘rashgan. Ishchilar, shuningdek, oshxonadagi uzun navbat, sifatli ovqatlanish masalalarini ham ko‘tarishdi.

«Qashqadaryo viloyati xokimi tomonidan barcha sanitariya va epidemiologiya choralariga rioya qilgan hamda PSR tahlilini o‘z vaqtida topshirgan holda qat’iy karantin choralarining bekor qilinishi ma’qullandi. Rahbariyat vakillari tomonidan ijtimoiy tarmoqlar va qator OAVlaridagi muhokama chog‘ida alohida ta’kidlab o‘tilgan xodimlarning oylik maoshi o‘z vaqtida to‘lab berilgan. Ishchilar tomonidan mehnat shartnomasining bu bandi buzilganligi tasdiqlanmadi», — deya ma’lum qildi Energetika vazirligi.

Vazirlikning xabar berishicha, ishchilarning noroziliklarini o‘rganish va ularni hal etish uchun maxsus ishchi guruhlar tuzilib, ularning tarkibiga Qashqadaryo viloyati hokimiyati, ENTER Engineering kompaniyasi kasaba uyushmasi, Energetika vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, «O‘zbekneftgaz» AJ vakillari kiradi. Doimiy ravishda nizoli masalalarni o‘rganish uchun 3−4 ta shu kabi ishchi guruhlarni tashkil etish rejalashtirilmoqda.

«Ozodlik» radiosining o‘z manbalariga tayanib ma’lum qilishicha, zavod qurilishida ovqatlanish sifati ham yaxshilangan: «Kechki ovqat sergo‘sht va porsiyasi ko‘p bo‘ldi. Ertalabki nonushtaga sariëg‘ ham qo‘shildi va tuxum soni ko‘paydi», — degan «Ozodlik» suhbatdoshi.

Tartibsizliklargacha ishchilarga shu kabi ovqat berilgan. Foto: «Ozodlik».

Eslatib o‘tamiz 21 oktyabr kuni Qashqadaryodagi GTL zavodi qurilayotgan joyda ENTER Engineering ishchilari norozilik bildirishgan, derazalarga tosh otib, binolardan birida «pogrom» uyushtirishgan edi.