Isroil va Birlashgan Arab Amirliklari o‘z fuqarolari uchun vizasiz sayohat tizimini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida kelishib olishdi, deya xabar berdi The Times of Israel nashri.

Bu haqdagi bitim BAA rahbariyatining yuqori martabali vakillarini o‘z ichiga olgan delegatsiyaning Tel-Avivga tashrifi davomida imzolandi. Bitimni imzolash marosimida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu, AQSH moliya vaziri Stiven Mnuchin va BAAning ikki vaziri qatnashgan.

BAA Isroil bilan vizasiz tizim borasida muzokaralar olib borgan birinchi arab davlati bo‘ldi.

Shuningdek, xabarga ko‘ra, BAA delegatsiyasining Isroilga tashrifi davomida boshqa bir qator bitimlar ham imzolangan. Jumladan investitsiyalarni himoya qilish, yo‘lovchilarning havo qatnovi va fan-texnologiya sohasidagi hamkorlik sohalari bo‘yicha bitimlar tuzilgan.

Vizasiz rejimning kuchga kirishi uchun uni ikkala davlat, shu jumladan Isroil parlamenti ham ratifikatsiya qilishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyida Isroil va BAA munosabatlarni yaxshilashga kelishib olishgan edi. Keyinchalik esa Vashingtonda, Oq uyda bo‘lib o‘tgan marosimda Isroil, BAA va Bahrayn davlatlari munosabatlarni tiklash bo‘yicha kelishuvlarni imzolashdi. Bu esa Isroil va arab davlatlari o‘rtasida 1994 yildan buyon amalga oshirilgan ilk kelishuvga aylandi.