Toshkent shahrining kengayishini hisobga olsak, poytaxtning kelajagi Sirdaryo viloyatida, deya ta’kidladi viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev 14 oktyabrda bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub sessiyasida.

Uning aytishicha, geografik joylashuv va logistika masalasi bo‘yicha Sirdaryo viloyati katta zavod-fabrikalar uchun eng qulay joy hisoblanadi.

«Toshkentliklar hafa bo‘lmasin. Toshkentning kelajagi Sirdaryo deganman. Sababi, eng qulay yo‘lda joylashganmiz. Toshkentda, baribir, shahar kengayadi, ertaga u yerdan zavod-fabrikalarni, ekologik tomondan ham, Toshkent shahridan ko‘chirishga to‘g‘ri keladi. Qayerga keladi shular? Albatta, uzoqroq hududga keladi», — dedi u.

Ma’muriyat rahbaridan, shuningdek, uning Sirdaryo viloyati ikkinchi Amerika bo‘lishi haqidagi gaplarini izohlashini so‘rashdi. 2019 yil avgustda u Sirdaryo cho‘llarini obod qilish maqsadida vodiy, Jizzax, Samarqand, Buxoro va O‘zbekistonning deyarli barcha hududlaridan aholi vakillari kelgan degan edi.

«Shuning uchun ko‘pchilik menga ushbu viloyatda ishlash qiyin bo‘ladi, deb aytgandi. Men ularga, demak, biz ikkinchi Amerika bo‘lar ekanmiz-da, deb aytganman. Sababi Amerika ham turli mintaqalardan kelganlar jamoasidan tashkil topgan», — deya ta’kidladi u Xalqaro investitsiya forumidagi nutqida.

Mirzayevning aytishicha, ko‘pchilik uning bu gaplarini to‘g‘ri tushunmagan va bundan hafa emasligini aytdi.

«Qayerda raqobat bo‘lsa, qayerda kurash bo‘lsa, qayerda tortishuv bo‘lsa, o‘sha yerda o‘sish bo‘ladi. Bundan qo‘rqmasligimiz kerak», — ta’kidladi hokim.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yil yanvar-iyun oylarida Sirdaryoning hududiy yalpi ichki mahsuloti 4,8 trln so‘mni tashkil etgan, bu mamlakat viloyatlari orasidagi eng past ko‘rsatkich. Viloyat O‘zbekiston YAIMning shakllanishida eng kichik ulushga ega (1,9%).

Eslatib o‘tamiz, Toshkentning 2041 yilgacha bo‘lgan bosh rejasini ishlab chiqish to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihasi bilan poytaxt hududini Toshkent viloyati tumanlari hisobidan kengaytirish to‘g‘risida taklif berilgan.

Avgust boshida prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga tutash tumanlarning hududiy tuzilishini o‘zgartirish loyihalari bilan tanishgan edi.