O‘zbekistonda islom moliyalashtirish tamoyillari asosida qimmatli qog‘ozlarni joriy etish rejalashtirilmoqda. O‘zbekiston prezidentining bu haqdagi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Qaror loyihasida, O‘zbekiston hududida islom moliyalashtirish tamoyillari asosida qimmatli qog‘ozlarni chiqarish, joylashtirish va muomalaga chiqarishni tartibga soluvchi davlat organi sifatida Kapital bozorini rivojlantirish agentligi vakolatli deb belgilanishi ta’kidlangan.

Shuningdek, O‘zbekistonda islom moliyalashtirish tamoyillari asosida qimmatli qog‘ozlarni joriy etish, sukuk qimmatli qog‘ozlari hisobiga moliyalashtirish ssuda foizisiz amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun, sukuk qimmatli qog‘ozlari — islom moliyalashtirish tamoyillariga asosan chiqarilgan, mol-mulkka egalik qilish huquqi va mulk hamda mulkiy huquqdan foydalanish va ulardan foydalanishdan olinadigan daromadlar, ushbu qimmatli qog‘ozlar moliyalashtirilishi maqsadida chiqarilgan ma’lum loyihalar xizmatlari yoki mol-mulkiga bo‘lgan bo‘linmas huquqni tasdiqlovchi emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar hisoblanadi.

Shu bilan bir qatorda, ushbu turdagi qog‘ozlarning chiqarilishi uchun maxsus moliyaviy kompaniya tashkil etiladi.

Qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan,tegishli davlat organlariga 2021 yilning 1 fevraliga qadar mamlakat hududida sukuk qimmatli qog‘ozlari risolasi, maxsus moliyaviy kompaniya faoliyatini tashkil etish talablari, sukuk qimmatli qog‘ozlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talabini ko‘zda tutadigan sukuk qimmatli qog‘ozlarini chiqarish va muomalaga kiritish tartibi bo‘yicha nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash yuklatildi.

Qaror loyihasi muhokamalari 27 oktyabrga qadar davom etadi.