O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov shu yil 11 oktyabr kuni 69 yoshida vafot etdi, deya xabar qildi uyushma matbuot xizmati.

Sa’dulla Hakimov 1951 yili Jizzax viloyatining Forish tumanida tug‘ilgan. 1977 yili Toshkent davlat (hozirgi O‘zbekiston milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan.

U o‘zining ijodiy va mehnat faoliyatini G‘allaorol tumanida o‘qituvchilikdan boshlagan. Keyinchalik, «O‘zbekistonda sotsial ta’minot» jurnali mas’ul kotibi, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida bo‘lim mudiri, mas’ul kotib, bosh muharrir, «Ma’rifat» gazetasi bosh muharriri, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktorining o‘rinbosari, «Turkiston-press» nodavlat axborot agentligi bosh direktori, Prezident devoni axborot markazi rahbarining o‘rinbosari, rahbari, prezidentning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha davlat maslahatchisi o‘rinbosari kabi vazifalarida mehnat qildi.

Jurnalistlar uyushmasiga 2016 yil 29 dekabrdan beri rahbarlik qilib kelayotgan edi.