5 oktyabr kuni oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari natijalaridan norozi bo‘lgan abituriyentlar va ularning ota-onalari DTM binosi oldida yig‘ilishdi. Ular prezidentning 2012 yil 31 maydagi 1765-sonli farmonida nazarda tutilganidek, test sinovlari natijalarini hisoblashda ularga harbiy xizmat yakunlari bo‘yicha berilgan tavsiyanomalar inobatga olinmaganidan norozilik bildirishdi. «O‘zbekiston 24» telekanalining «Fakt 24» dasturida ushbu jarayon haqida lavha namoyish etildi.

Abituriyentlarning telekanalga bergan intervyusida aytilishicha, DTM ushbu muammo bo‘yicha ularni Mudofaa vazirligiga yo‘naltirmoqda, Mudofaa vazirligi esa noto‘g‘ri ma’lumot berilganini aytib, yana markazga qaytarmoqda.

Abituriyent Behzod Ahmadjonovning so‘zlariga ko‘ra, u xizmat qilgan harbiy qismning raqamini (0395 raqamli qism) DTM ma’lumotlar bazasiga kiritishda raqam boshidagi «0» o‘tkazib yuborilgani sabab unga berilgan imtiyoz hisobga olinmagan. Avvalroq, advokat va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev muammoning sababi aynan «0» raqamining mavjudligi deb yozgan edi — DTM ma’lumotlar bazasi hujjatning seriya raqami boshidagi ushbu raqamni qabul qilmaydi. DTM matbuot xizmati ushbu dalillarni rad etdi.

Avvalroq «Gazeta.uz» xalqaro va respublika musobaqalari g‘oliblariga imtiyozlar berilgani sababli, maksimal ball to‘plagan abituriyentlar davlat granti asosida o‘qishga kira olmayotganligi haqida yozgan edi. Keyinchalik, bu xato tuzatildi: musobaqalar g‘oliblari uchun alohida kvotalar ajratildi va maksimal ball to‘plagan talabgorlar «byudjet» ga o‘tkazildi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa tanlov g‘oliblari uchun alohida kvotalar ajratilishi munosabati bilan ilgari «byudjet» da bo‘lgan ba’zi abituriyentlar shartnoma asosida talabalikka tavsiya etilgani haqida xabarlar tarqaldi. «Gazeta.uz» hozirgi holatni o‘rganmoqda.