1 oktyabr kuni soat 14:00 larda Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani Mustaqillik shoh va Movarounnahr ko‘chalari kesishmasida Lacetti haydovchisi yana oltita avtomobil ishtirokidagi YTHga sababchi bo‘ldi.

O‘zbekiston IIV YHXBB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, xizmat olib borayotgan YPX inspektorining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmagan 30 yoshli haydovchi T.A. harakatini davom ettirib, Mustaqillik shoh ko‘chasi bo‘ylab yuqori tezlikda harakatlanib, Oqqo‘rg‘on-Mustaqillik shoh ko‘chalari kesishmasiga yetgan vaqtida o‘zidan oldinda bo‘lgan Matiz, Cobalt, Hyundai, Nexia, Spark va Damas rusumli transport vositalariga texnik shikast yetkazgan. Shundan so‘ng yo‘lning qarama-qarshi bo‘lagini ajratib turuvchi qismida, tungi vaqtda yoritish uchun o‘rnatilgan simyog‘ochga urilib to‘xtagan.

Natijada, tan jarohati olganlar yo‘q.

Mazkur YTH yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Haydovchining me’yoriy hujjatlari to‘liq bo‘lmaganligi sababli YPX xodimining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, tezligini me’yoridan oshirib harakatlanganligi ma’lum qilindi.