Yana bir arab davlati Isroil bilan bitim tuzishga tayyorlanmoqda

Sudan Isroil bilan yarashishga tayyorlanmoqda, mamlakat hukumati kelishuv shartlarini e’lon qildi. Xususan, musulmon davlati terrorizmga homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatidan chiqarilish istagini bildirdi. Xartum Vashington bilan muzokaralar olib bordi va AQSH Sudanni e’lon qilingan ro‘yxatdan chiqarib tashladi. Sudan delegatsiyasi AQSH rasmiylari bilan muzokaralarga taklif qilindi. Mahalliy nashrlarning yozishicha, AQSH Sudanga 7 mlrd dollar miqdorida yordam ko‘rsatadi. Bunga javoban Afrika davlati vakillari Isroil bilan munosabatlarni yaxshilash bo‘yicha shartnoma tuzishga va’da berishdi. — lenta.ru

Tramp AQSHda hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirishga kafolat berishdan bosh tortdi

Foto: twitter.com/realDonaldTrump

AQSH prezidenti Donald Tramp prezidentlik saylovlaridan so‘ng mamlakatda hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirishni kafolatlay oladimi degan savolga javob bermadi. «Keling, nima bo‘lishini ko‘rib chiqaylik. Men pochta orqali ovoz berish falokatga olib kelishini oldin aytgan edim», — dedi Tramp shu bilan bog‘liq savolga javoban. Shu bilan birga, AQSH rahbari o‘z g‘alabasiga ishonch bildirdi. «Hokimiyatni topshirishga to‘g‘ri kelmaydi, bu davom etadi», — deya qo‘shimcha qildi u. — RIA Novosti

Vladimir Putin Nobel mukofotiga da’vogar bo‘ldi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatildi. Ta’kidlanishicha, davlat rahbari ushbu nominatsiyaga rus yozuvchisi, «Prezident» gazetasining bosh muharriri, akademik Sergey Komkov tomonidan ilgari surilgan. Taqdirlash marosimi 2021 yil 10 sentyabrda Osloda bo‘lib o‘tadi. — RIA Novosti

Nobel uchun pul mukofoti 1,1 mln dollargacha ko‘tariladi

Foto: nobelprize.org

Bu yil Nobel uchun pul mukofoti 10 mln Shvetsiya kronasiga (1,1 mln dollar) oshiriladi. «Joriy yilda yutuqlari bizni ilhomlantiradigan va kelajakka umid baxsh etadigan laureatlarni qadrlash va qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, muhimdir. Yaqinlashib kelayotgan Nobel haftaligi munosabati bilan biz bu yilgi mukofot miqdori 1 mln kronga (taxminan 100 ming dollar) ko‘tarilishini e’lon qilishdan mamnunmiz», — dedi fond rahbari Lars Xaykensten. Nobel fondining xabarnomasida aytilishicha, 2012 yildan beri jamg‘armaning investitsiya kapitali 3 mlrd dan 4,6 mlrd krongacha (300 dan 460 mln dollargacha) o‘sgan. — Gazeta.uz

Koronavirusning inson miyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniqlandi

AQSHdagi Flori nevrologiya va ruhiy sog‘liqni saqlash instituti olimlari SARS-CoV-2 koronavirusi Parkinson kasalligini rivojlanishiga turtki bo‘lganini aniqlashdi. Tadqiqotchilar COVID-19 pandemiyasi kelajakda millionlab odamlarda nevrologik kasalliklarni keltirib chiqarishidan xavotirlanmoqda. Tadqiqotchilar infeksiya markaziy asab tizimida yallig‘lanishni keltirib chiqarishi va miyaning nevrologik hodisaga «ikki karra» keskinroq ta’sir ko‘rsatishiga olib kelishi mumkinligi to‘g‘risidagi farazni ilgari surishdi. Bunday holda g‘ayritabiiy asab reaksiyasi paydo bo‘lib, neyrodegeneratsiya va Parkinson kasalligiga olib keladi. — lenta.ru

Qozog‘istonning to‘rtta hududida parranda grippi tarqaldi

Qozog‘istonning to‘rtta hududida parranda grippi tarqalayotgani tasdiqlandi. Xabarga ko‘ra, o‘lim shimoldan janubga ko‘chib yuradigan yovvoyi qushlardan boshlangan. Infeksiya umumiy suv havzalari orqali tarqalgan. Fabrikalarda va shaxsiy tomorqalarda hammasi bo‘lib 54 ming parranda nobud bo‘lgan. Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vazirligi ularning egalariga tovon puli to‘lanishi, buning uchun taxminan 390 mln tenge ajratilishi haqida aytgan. — Gazeta.uz

Qozog‘iston hukumati o‘lim jazosini bekor qildi

Qozog‘istonda o‘lim jazosi bekor qilindi. Oldinroq mamlakatda ushbu jazoni qo‘llash to‘xtatib qo‘yilgan edi. Ma’lumotga ko‘ra, Qozog‘iston o‘lim jazosini bekor qilish bo‘yicha xalqaro protokolga qo‘shilgan. Tegishli hujjat Qozog‘istonning BMTdagi doimiy vakili Qayrat Umarov tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh qarorgohida imzolandi. Mamlakat prezidenti Qosim Jomart Toqayev ushbu qaror haqida BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi chiqishida ma’lum qilib, mamlakat insonning hayotga bo‘lgan huquqini ta’minlashni maqsad qilib qo‘yganini aytgan edi. — Gazeta.uz