Qashqadaryo viloyati Kitob tumani prokuraturasi maktab hojatxonasida osilgan holda topilgan 13-maktab direktori N. T.ning o‘limini tekshirmoqda.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga xabar qilishicha, 8 sentyabr kuni Kitob tumani «Bog‘bon» MFY Yangiqishloq qishlog‘ida yashovchi fuqarolar tuman prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilib, jiyani N.T. o‘z joniga qasd qilganini bildirgan va aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Tuman IIB xodimlari N.T.ning o‘limi holatini aniqlash uchun marhumning uyiga borganlarida, uning yaqin qarindoshlari murdani sud-tibbiyot ekspertizasi ko‘rigidan o‘tkazmaslik maqsadida yurak hurujidan vafot etganligi haqida aytishib, jasadni shu kunni o‘zida ko‘mib yuborishgan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida tuman xalq ta’limi bo‘limi, tuman ichki ishlar bo‘limi, maxalla va oilani qo‘llab-quvvatlash markazining Kitob tumani bo‘limi hodimlari harakatlariga nisbatan xizmat tekshiruvlari tayinlangan.

Tekshiruv harakatlari davomida N.T.ning o‘lim sababini aniqlash maqsadida jasadni eksgumatsiya qilish yo‘li orqali sud-tibbiyot ekspertizasidan o‘tkazish tushuntirilganda, marhumning yaqin qarindoshlari jasadni eksgumatsiya qilishga mutlaqo qarshi ekanliklarini bildirishgan.

Marhum N.T. o‘limidan avval 3 nusxada tilxat yozib qoldirgan bo‘lib, hozirgi kunda ushbu tilxatlar N.T.ning tog‘asi L. E.da saqlanayotganligi aniqlangan. Ushbu tilxatlarni tergovga qadar tekshiruv zaruratiga ko‘ra sudga oid xatshunoslik ekspertizasi tayinlash uchun taqdim qilish talab etilganda, L. E. ushbu hujjatlarning nusxasini taqdim qilib, asl nusxalarini taqdim qilishdan bosh tortgan.

Mazkur tilxatlar ko‘zdan kechirilganda oila a’zolaridan rozi ekanligini, farzandlariga g‘amxo‘rlik qilishni, shuningdek, maktab o‘qituvchilaridan korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslikni so‘ragan. Hozirda Kitob tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Foto: NasafNews / Telegram.

«Hurmatli ustoz kasbdoshlar. Har qanday sharoitdayam korrupsiyaga yo‘l qo‘ymang. Maktabda o‘tirgan „to‘nkalar“ ham qimirlasin. Kimligini bildingiz. O‘shalarga Yaratgandan insof tilab qolaman», — deyiladi xatda.