Iqtisodiyotda davlat monopoliyalari ustunligini qisqartirishda O‘zbekiston hukumatining sezilarsiz odimlayotgani, davlat xaridlari amaliyotida shaffof bo‘lmagan amaliyotning davom etayotgani hamda davlat muassasalari va korxonalari tomonidan shartnomaviy majburiyatlarga izchillik bilan rioya etilmayotgani mamlakatning investitsiyaviy muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ushbu xulosa AQSH Davlat departamentining chorshanba kuni chop etilgan dunyoning 165 dan ortiq mamlakatidagi investitsiyaviy muhiti to‘g‘risidagi yillik hisobotida keltirilgan.

Hisobotda ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning xususiy biznesi rivojlanish dasturlarini amalga oshirishda mahalliy hokimiyat organlari tomonidan xususiy mulkni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinmayotgani xavotir uyg‘otadi.

«Kichik korxonalar mol-mulklari hududiy yoki tuman hokimiyatlari bilan yaxshi aloqasi bo‘lgan kompaniyalar yoxud ular tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan loyihalar foydasiga ekspropriatsiya qilinayotgani haqida xabar bermoqdalar. Intellektual mulk huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikning qo‘llanilishi hali-hamon yetarli darajada emas», — deyiladi hujjatda.

Shu bilan birga, Davlat departamenti 2016 yilda hokimiyat tomonidan boshlangan liberallashtirish siyosati o‘z samarasini berayotganini ta’kidladi. Xususan, O‘zbekistonga jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning umumiy hajmi 2018 yilda 1,6 mlrd dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 4,2 mlrd dollarga yetdi. Mamlakat Jahon bankining Doing Business reytingida ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida eng ko‘p yutuqlarga erishgan eng yaxshi 20 mamlakat qatoriga kirdi. Buyuk Britaniyaning The Economist nashri O‘zbekistonni 2019 yil mamlakati deb e’lon qildi. 2020 yil fevral holatiga ko‘ra, mamlakatda xorijiy kapital ishtirokidagi 10,6 mingdan ziyod kompaniya faoliyat yuritgan va ulardan 3000 tasi o‘tgan yili tashkil etilgan.

«To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va xususiy sarmoyalar O‘zbekistonning barqaror iqtisodiy rivojlanishi uchun juda muhimdir, ammo hukumat investitsiyalarni eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosuvchi sohalarga yo‘naltirishda davom etmoqda», — deya qo‘shimcha qildi AQSH davlat departamenti.

AQSH davlat departamenti investitsion muhit to‘g‘risidagi hisobotni AQSH kompaniyalariga biznes to‘g‘risida har tomonlama o‘ylangan qarorlar qabul qilishda yordam berish uchun e’lon qiladi. Hisobotda xorijiy investitsiyalar uchun ochiqlik, huquqiy rejim va shaffoflik, ko‘chmas mulk va intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarni himoya qilish, korrupsiya, siyosiy muhit kabi omillarni hisobga olgan holda tashqi bozorlardagi sharoitlar keltirib o‘tilgan.

O‘tgan yilning dekabrida AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum so‘nggi bir necha yil ichida mamlakatda biznes muhiti yaxshilanganini, ammo Amerika kompaniyalari hanuzgacha qiyinchiliklarga duch kelayotganini aytgan edi.