Hozirda uchinchi shaxslarning pasport ma’lumotlaridan foydalangan holda mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish hollari kuzatilmoqda, deya xabar berdi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi.

Ro‘yxatdan o‘tkazish masofaviy yoki onlayn tarzda amalga oshirilayotganida foydalanuvchi bilan shaxs o‘rtasida kontakt bo‘lmasligi sababli fuqarolarning pasport ma’lumotlarini aynan shu shaxsning o‘zi yoki boshqa shaxs tomonidan taqdim qilinayotganligini tizim orqali aniqlash imkoni bo‘lmaydi, deyiladi bayonotda.

Oldinroq Xushnudbek.uz Telegram kanalida fuqarolar o‘zlarining pasport ma’lumotlari ogohlantirishsiz begona odamlar tomonidan mobil telefonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ishlatilganligi haqidagi shikoyatlari skrinshotlari e’lon qilingandi.

Bloger Isroil Tillaboyev fevral oyida kreditga telefon olganligini, lekin ozgina vaqtdan so‘ng u ishlamay qolganligi haqida aytgan. Aniqlanishicha, IMEI-kod ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bo‘lgan. Ro‘yxatdan o‘tkazish faqat yaqinda xorijdan qaytgan fuqaro pasportiga amalga oshirilishi mumkin. Isroil Tillaboyev 11 kishini olib kelgan, lekin ularning barchasining nomiga IMEI-kodlar ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, jismoniy shaxslar tomonidan mobil qurilmalarning IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun shaxsning pasport ma’lumotlari, telefon raqami va mobil qurilmaning IMEI-kodini taqdim etish talab qilinadi. Shaxsning pasport ma’lumotlariga asosan fuqaroning O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasini kesib o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tekshiriladi.

«Uchinchi shaxslarning pasport ma’lumotlarini kiritgan holda noqonuniy ravishda olib kirilgan mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazilish holatlarini oldini olish va ushbu noqonuniy harakatlarni amalga oshirgan shaxslarni aniqlash maqsadida, Tizim operatori tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilingan», — deyiladi vazirlik axborotida.

Bugungi kunda tergov surishturuv ishlari olib borilmoqda.