2020 yilda koronavirus pandemiyasi tufayli masofadan turib o‘qishga majbur bo‘lgan deyarli barcha bolalar uchun internet zaruratga aylandi. Ota-onalar texnologiya bolaning akademik va ijodiy muvaffaqiyatlariga, jismoniy va ruhiy salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan qo‘rqishlari tabiiy.

Ikki farzandning otasi, restorator Pavel Georganov «Gazeta.uz» bilan bolalar foydalanayotgan internet-kontent nazorati, axborot xavfsizligi va ota-onalarning nazorati qanday ishlashi to‘g‘risidagi fikrlarini o‘rtoqlashdi.


Pavel Georganov. Foto: «Gazeta.uz».

Bolalar ishlatadigan qurilmalar haqida

Mening qizim Yeva 12 yoshda, o‘g‘lim Filipp esa 9 yoshda. Qizim smartfon, planshet va kompyuterdan, kichkinam planshet va oddiy telefondan foydalanadi. Bundan tashqari, ular Smart TV orqali YouTube tomosha qilishadi, o‘g‘lim esa PlayStation o‘ynaydi.

Qizimga tug‘ilgan kunida kompyuter sovg‘a qildim. U pandemiyaga qadar uning ahamiyatini tushunmas edi, yaqindagina noutbukiga sho‘ng‘ib, internet bilan tanishdi.

Bolalarga ma’lum yoshgacha smartfonlar kerak emasligiga ishonchim komil. To‘qqiz yoshli bolaga oddiy aloqa vositasi bo‘lgan joyda smartfon nimaga kerak? Smartfon olib berish uchun qilinadigan barcha iltimoslar sayr qilish o‘rniga undagi o‘yinlarni o‘ynash va YouTubedagi videolarni tomosha qilish uchun aslida.

Hozircha negaligini tushunmasamda, biroq o‘g‘lim 12 yoshga to‘lganida unga smartfon kerak bo‘lar, deb taxmin qilayapman. Ba’zan men bilan bog‘lanishi zarur bo‘lib qolganida aloqa bo‘lmay qolishi mumkinligini o‘ylayman. Ammo ko‘pincha biz o‘zimiz uchun buni o‘ylab chiqaramiz. Bolalarning qayerdaligini bilish uchun menda alohida GPS-trekerlar — kuzatuvchi moslamalar bor. Ularni cho‘ntakka solib qo‘yish yoki kalitlarga osib qo‘yish mumkin, ammo hozircha men ulardan foydalanmayman.


Bizning oilada planshetlar, smartfonlar va kompyuterlar (kichik ekranlar) uchun bolalarga kuniga jami uch soat ajratilgan. Karantin paytida men ularning PlayStationda o‘ynash va televizorda YouTube tomosha qilishlari uchun vaqtni cheklamayman, ammo bu ularning 20 soatlab televizor tomosha qilishlari yoki o‘yin o‘ynashlari mumkinligini anglatmaydi. Farzandlarimning nima bilan shug‘ullanishlarini yaxshi bilaman, chunki men ko‘p vaqtimni ular bilan o‘tkazaman.

Bolalarning o‘qishi boshlanganida, o‘qishdan tashqari internetdan foydalanish kuniga uch soat bilan cheklanadi. Bundan tashqari, maktab paytida ular o‘z qurilmalaridan faqat ertalab soat 7 dan kechki 10 gacha foydalanishlari mumkin.

Farzandlarim o‘z vaqtlarini to‘g‘ri taqsimlashni, vaqtning har bir oralig‘idan zavqlanishlarini va telefonsiz zerikib qolmasdan, usiz dam olishni o‘rganishlarini istayman. Aks holda, hayot qulayliklariga to‘yguncha o‘rganib qolib, oddiy qiyinchiliklarni ham yengib o‘tishlari mushkul bo‘ladi.

Ota-onalar nazorati haqida

Ko‘rish qobiliyatim susayganidan so‘ng men bolalarni nazorat qilish haqida o‘ylay boshladim. Ko‘ryapmanki, bolalar birinchi va ikkinchi sinfdaliklarida ko‘zoynak taqib yurishyapti. Farzandlarim uchun bu holatni kechiktirishni juda xohlayman, shuning uchun, men ularni kichik ekranlar bilan tanishishlarini iloji boricha kamaytirishga va ulardan foydalanish vaqtini cheklashga harakat qilaman.

Ota-ona nazorati deganda quloqqa yomon eshitilishi mumkin, ammo uni hammamiz qo‘llashimiz kerak. Bu bolalarni band qilayotgan internet manbalar kontentining odob chegarasidan o‘tmasligini nazorat qilish va cheklashga imkon beradi. Bu telefonni titkilash emas, balki bolalar xavfsizligi va ularning nimalar bilan band ekanligini tushunishdir.

Ota-onalar nazorati uchun qo‘shimcha qurilmalarni o‘rnatishga hojat yo‘q. Belgilangan qurilmalar uchun internetdan foydalanish vaqtini, uning qamrov zonasida cheklovlar bo‘lsada, internet-router orqali nazorat qilish usullari ham mavjud.

Ota-onalar nazorati telefonlarda mavjud. Faqatgina qo‘shimcha ilovalarni o‘rnatish kerak, xolos. Ular bepul. Android va iOS operatsion tizimlarida ota-onalar nazorati uchun o‘zining ilovalari mavjud. Hatto bola va uning ota-onasi turli operatsion tizimlardan foydalanayotgan bo‘lsalar ham ota-onalar nazoratini o‘rnatish mumkin.

Masalan, men Android-telefonidan foydalanaman, kompyuterim esa Windows operatsion tizimida ishlaydi. Qizimning smartfonini iCloud orqali boshqaraman. Agar ota-onaning barcha qurilmalari iOSda, bolada esa Android bo‘lsa, unda Apple Android qurilmalarini boshqarish uchun IPhone ning 9 yoki undan yuqori versiyalarida Google Family Link ilovasini o‘rnatishga imkon beradi.

iOS da ota-onalar nazoratini o‘rnatish uchun sozlamalarda «Screen time» («Ekran vaqti»)ni yoqishingiz kerak. Bu haqida batafsil ma’lumot Apple kompaniyasining qo‘llab-quvvatlash saytida keltirilgan.

Androidda ota-onalar nazoratini sozlash uchun Google Family Link (ota-onalar uchun) ilovasini yuklab olish, so‘ngra bolalarning qurilmalariga Google Family Link (bolalar uchun) ilovasini o‘rnatish kerak.

Ota-onalar bolalarning qurilmalaridan kelgan kod raqamini oladi, bola to‘g‘risidagi asosiy ma’lumotlarni kiritadi. Shunda telefonning barcha funksional ilovalariga kirish imkoni paydo bo‘ladi.

Ota-onalar nazorati ilovalari Google-akkauntga yoki Apple IDga bog‘lanadi. Shunga ko‘ra, ushbu nazorat ma’lum operatsion tizimda ishlayotgan bola akkauntidan kirilgan barcha qurilmalarga tegishli. Agar bola boshqarilayotgan qurilmada yangi akkaunt yaratmoqchi (ochmoqchi) bo‘lsa, ota-onalarga xabar keladi, biroq, mazkur jarayon boshqarilmayotgan qurilmada amalga oshirilsa, unda ota-ona bu haqida bilmaydi. Ammo bugungi kunda barchamiz o‘z akkauntlarimizga bog‘liqmiz.

Androidda ota-onalar nazorati imkoniyatlari juda keng. U bolaning telefonini qayerda bo‘lishidan qat’i nazar uni bloklash va blokdan chiqarish, bolaning qayerda ekanligini va «harakatlar» tarixini ko‘rish imkonini beradi.

Bolaga smartfondan foydalanish uchun qo‘shimcha vaqt berish, kimlarga qo‘ng‘iroq qilishi mumkinligini tanlab berish mumkin. Telefonni avtonom boshqarish uchun, albatta, internet yoqilgan bo‘lishi kerak. Shu yo‘sinda, ota-onalar nazorat tizimiga o‘zgartirishlar kiritishlari va xabarlarni qabul qilishlari mumkin.

Ikkala operatsion tizim ham yosh chegarasini sozlashga imkon beradi, shunda bola «market»da katta yoshdagi auditoriya uchun mo‘ljallangan dasturlarni ko‘rmaydi.

Mening roziligimsiz bolalar biror bir dasturni smartfon yoki planshetga o‘rnatolmaydilar. Menga ilovani o‘rnatish haqida so‘rov keladi va men qaror qabul qilaman.

Xabarlarni ko‘rish uchun o‘rnatilgan funksiyalar mavjud emas. Bu kuzatuv tizimi emas va bu eng to‘g‘risi. Men bolalarning yozishmalarini o‘qimayman, chunki men ular bilan do‘st bo‘lishga urinaman.

Men qidiruv tizimidan bolalar qaysi ma’lumotni qidirganliklarini kuzatmayman, biroq buni ham amalga oshirish mumkin. Bundan tashqari, qidiruv tizimiga kiritilayotgan so‘zlarni va ularning hosilalarini qidirish uchun filtrlarni o‘rnatish mumkin.

Mening bolalarim Smart TVdan tez-tez tomosha qiladigan YouTube kontenti Apple IDga yoki Google akkauntga bog‘langan «qayd yozuvi» orqali boshqariladi.

PlayStation kontentida bolalarim uchun cheklovlar yo‘q, chunki hamma narsani o‘zim nazorat qilaman. Ularning o‘zlarining akkauntlari yo‘q. Ammo bu, bolalar akkauntini yaratish mumkin emasligini anglatmaydi. PlayStationda akkaunt sozlamalari kompyuter sozlamalariga o‘xshash. Oldin ma’mur (administrator) akkauntini, so‘ngra esa bolalar akkauntini yaratish kerak. Tizim yoshi, o‘ynash mumkin bo‘lgan vaqt oralig‘ini va bir kunda necha marotaba o‘ynash mumkinligi cheklovlarini qo‘yishga imkon beradi.

Ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar haqida

Farzandlarim ijtimoiy tarmoqlarda ro‘yxatdan o‘tmagan. Faqatgina Yevada kuniga internet uchun ajratilgan uch soat vaqtdan 65 daqiqa TikTok uchun vaqt bor. Menimcha, bu unga ijodiy rivojlanishi uchun foydali.

Qizim tug‘ilgan kunida Instagramda ro‘yxatdan o‘tish uchun sovg‘a sifatida ruxsatimni so‘rayapti. Oldinlari yoshini inobatga olgan holda unga ruxsat bermas edim. Yaqinda 13ga kiradi, bu esa ushbu ijtimoiy tarmoqlarning qoidalariga ko‘ra, ulardan foydalanishi mumkinligini anglatadi. Ammo men 16 yoshga qadar kutishga qaror qildim.

Instagram sun’iy hayot haqidagi taassurotni yaratadi, hayotning qiymati to‘g‘risidagi tushunchalarni o‘zgartiradi va ijtimoiy tarmoqning kontentini tanlash orqali odamda o‘ziga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otadi. Yoziladigan izohlarni esa gapirmasa ham bo‘ladi.

Menimcha, bolalarni ijtimoiy tarmoqlardan himoya qilish kerak. Ularda shafqatsizlik haddan ziyod ko‘p. U hatto eng beozor narsalarda ham yashiringan. Hatto kattalar ham izohlarda qoldiriladigan haqoratli so‘zlarga har doim ham tayyor emaslar. Bolaga esa bu holat jiddiy zarar yetkazishi mumkin.


Yeva Instagramdagi shafqatsizliklar haqida biladi, lekin men unga tushuntirishga harakat qilib, nimani nazarda tutayotganimni tushunmaydi. Uning aytishicha, u oqni qoradan ajrata oladi. Ammo u 12 yoshda va bu mening tushuntirishlarimni u o‘zicha tushunayotgan vaziyat.

Qizimda Telegram faqat uning kompyuteriga o‘rnatilgan, chunki katta ekranda o‘qish osonroq. Men bilan bog‘lanish uchun WhatsAppdan foydalanadi, chunki u O‘zbekistonda kamdan-kam hollarda ishlatiladi va qizimda doimiy yozishish imkoniyati yo‘q.

Axborot xavfsizligi to‘g‘risida

Ota-onalar nazorati tufayli bolalarning ma’lumotlari tarqalishi xavfi yo‘q, chunki u ma’lum qurilma yoki akkauntga bog‘langan. Boladan unga ikki yoki uchta noqulay savollarni berib, kerakli ma’lumotlarni olish qiyin bo‘lmaydi. Bunday hollar ko‘pincha firibgarlar bilan sodir bo‘lib turadi.

Shuning uchun men bolalarni axborot xavfsizligiga o‘rgata boshlayapman. Masalan, qaysi davlat yoki shahardan ekanligini aytishning hech qanday yomon tomoni yo‘qligini tushuntiraman. Ammo ism yoki manzilni aytish ortiqcha bo‘ladi. Biroz keyinroq moliyaviy, jinsiy va boshqa firibgarliklar borligini tushuntiraman.

Tarbiya haqida

Ota-onalarning raqamli nazorati — tarbiyaning ajralmas qismidir. Ammo bular bir-birining o‘rnini bosadigan narsalar emas. Albatta, bolalarim men kontentni nazorat qilishimni bilishadi. Bu haqda aytish kerak, chunki rostgo‘ylik hamma narsaning asosidir, ammo ko‘pincha bu narsa qiyin kechadi. Yaxshi xabar shundaki, bu jarayon faqatgina bolalar katta bo‘lgunga qadar juda qiyin.

Ehtimol, bolalar 16 ga to‘lganida ota-ona nazoratini olib tashlashga majbur bo‘larman. Bu yoshga qadar, men internetning imkoniyatlarida ko‘p narsalar ortiqcha ekanligini tushuntirishga va ma’lumotlarni ajratadigan didni tarbiyalashga harakat qilaman. Ota-ona nazorati o‘rnini bosishi kerak bo‘lgan narsa — bu do‘stlikdir.

Bolalar bilan do‘stlik hamma narsani hal qiladi. Ularga biror narsa tushunarsiz bo‘lsa, mendan maslahat so‘rab kelishadi. Men hamma narsani tushuntiraman va bu ularga men bilan teng sharoitda bo‘lishlariga imkon beradi. Men qo‘rquv uyg‘otadigan oila boshlig‘i emasman, balki boshqacha oila boshlig‘iman.

Men ko‘p narsani taqiqlamayman, lekin bolalardan meni oldimda ba’zi narsalarni tinglamasliklari yoki tomosha qilmasliklarini so‘rashim mumkin. Taqiqlar bolaning taqiqlangan narsalarga yanada ko‘proq singishga harakat qilishiga olib keladi. Men o‘z farzandlarini bilmaydigan ota emasman. Biz bir-birimizning hayotimizda bormiz. Bolalarning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli jamoalarga kirishlari uchun o‘z farzandini bilmaslik kerak. O‘z farzandini qanday qilib bilmaslik mumkin?