O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti rektori Anatoliy Torkunov «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi.

Farmonda qayd etilishicha, Anatoliy Torkunov O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, gumanitar sohadagi ko‘p yillik samarali hamkorlikni hamda akademik va ilmiy-ta’lim almashuvlar bo‘yicha uzoq muddatli dasturlarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashdagi shaxsiy hissasi, shuningdek, xalqaro munosabatlar va iqtisodiyot sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashdagi bevosita ishtiroki uchun «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning dekabr oyida Toshkent shahrida MGIMO (universitet) filiali ochilgandi. Bu haqdagi shartnoma 2018 yil kuzda Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi muzokaralar yakunida imzolangandi.