Surxondaryoda 6 dona propan gaz balloni ortilgan avtomashina yonib ketgan. Bu haqda YHXBB matbuot xizmati xabar berdi.

12 avgust kuni soat 19:05 larda, Surxondaryo viloyati, Boysun tumani, «Inkabod» mahallasi hududidan o‘tgan 4R-105 avtomobil yo‘lining 33-kilometrida haydovchi U.X. (1981 y.t.) «Vaz-2107″ rusumli avtomobilga 6 dona propan gaz to‘ldirilgan ballonlarni ortib, Denov-Boysun» yo‘nalishi bo‘ylab boshqarib ketayotib, avtomashina salonida sigaretni tutashish maqsadida olov yoqqan vaqtida chaqnash sodir bo‘lib, yong‘in yuzaga kelgan.

Natijada, haydovchi U.X. avtomashinani to‘xtatib, salon old o‘rindig‘ida o‘tirgan o‘g‘li D.I. (2011 y.t.) ni kuyish tan jarohatlari bilan salon ichidan olib chiqqan. Transport vositasi yong‘in oqibatida to‘liq zararlangan.

9 yoshli D.I. 30−35% kuyish tan jarohatlari bilan tuman shoshilinch tez tibbiy bo‘limiga yotqizilgan. Tibbiy muolajalar ko‘rsatilishiga qaramay, joriy yilning 14 avgust kuni soat 15:30 larda voyaga yetmagan D.I. vafot etgan.

Ushbu holat yuzasidan Surxondaryo viloyati, Boysun tuman FVB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.