8 yoshli qizaloq elektr toki urishi oqibatida vafot etganidan so‘ng Shayxontohur tumani prokuraturasi tuman elektr tarmoqlari korxonasi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi, deya xabar berdi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Aniqlanishicha, Shayxontohur tumani elektr tarmoqlari korxonasi xodimlarining beparvoligi tufayli Shayxontohur tumani, Oqtepa mavzesi, 15-uy oldidagi elektr kabeli issiq suv quvuriga ilib ko‘yilgan bo‘lgan. Oqibatda elektr kuchlanishi yuzaga kelgan. 20 avgust kuni 2012 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qizaloq ushbu quvurining temir ustunini ushlashi oqibatida tok urib, vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan 22 avgust kuni Shayxontohur tumani elektr tarmoqlari korxonasi mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi.

«Tergov harakatlari olib borilmoqda», — deyiladi xabarda.

Bloger Shuxrat Musayev bilan bo‘lgan suhbatda uy egalari yillar davomida elektr uzatish liniyasining noto‘g‘ri loyihalashtirilgani bo‘yicha hokimiyat va Shayxontohur tumani elektr tarmoqlari korxonasiga bir necha bor murojaat qilishganini ta’kidlashgan. Shu yerda yashovchi fuqarolardan birining so‘zlariga ko‘ra, u yomg‘irli ob-havoda daraxtga osilgan elektr simiga tegib ketganda uni elektr toki urgan. Shundan so‘ng, ushbu elektr kabeli issiq suv quvuri ilinib qo‘yilgan.

Shuningdek, aholi «yotoqxona» hisoblanuvchi 30 xonadonli ikki qavatli bino bir necha yillardan beri avariya holatida qolayotgani, unda bitta hammom va oshxonaga borligi, ammo rasmiylar hech qanday chora ko‘rmayotganidan shikoyat qilgan.

Mahalla raisi Xojiakbar Mansurovning ta’kidlashicha, 15-sonli uy 2018 yilda snosga tushgan va shu sababli bino ta’mirlanmagan. Unga ko‘ra, aholi allaqachon kadastr hujjatlarining nusxalarini xitoylik investorga topshirgan. Biroq, ishlab chiqaruvchi mutaxassislar karantin cheklovlari tufayli mamlakatga kela olmagan.