Jurnalist Bobomurod Abdullayev Bishkekda O‘zbekiston so‘roviga asosan, 1993 yildagi «Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risida"gi Minsk Konvensiyasiga muvofiq qo‘lga olingan. Bu haqda 12 avgust kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi xabar qildi.

Jurnalistning qo‘lga olingani to‘g‘risida 10 avgust kuni 24.kg nashri xabar bergan edi. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xabariga tayanib ma’lum qilinishicha, Bobomurod Abdullayev 8 avgustda qo‘lga olingan.

Hozirgi kunda uning O‘zbekiston Respublikasiga ekstraditsiya qilinishi masalasi hal qilinmoqda, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

«Gazeta.uz» jurnalistning O‘zbekistonda nimada ayblanayotganini aniqlashtira olmadi.
11 avgust kuni Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ, Nyu-York) Qirg‘iziston hukumatiga Bobomurod Abdullayevni ozod qilish va unga ortga qaytish imkoniyatini berish talabi bilan murojaat qildi.

Abdullayevning advokati Timur Karabayev jurnalist Qirg‘izistonga to‘rt oyga Markaziy Osiyodagi Amerika universitetida tahsil olish uchun kelgani hamda Covid-19 pandemiyasi sababli chegaralar yopilgani uchun mamlakatda qolganini ma’lum qildi.