O‘tgan yakshanba kuni Belarusda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Unda 26 yil davomida mamlakatni boshqarib kelayotgan Aleksandr Lukashenko (80,08% ovoz bilan) g‘alaba qozondi.

Uning asosiy raqibi Svetlana Tixanovskaya (10,09%) — o‘zi ham saylovlarda qatnashmoqchi bo‘lgan, hibsga olingan blogger Sergey Tixanovskiyning rafiqasi.

Saylov natijalari e’lon qilinganidan so‘ng, saylov natijalaridan norozi bo‘lganlar Minsk va boshqa shahar ko‘chalariga chiqishdi. Noroziliklar to‘qnashuvlarga aylanib, norozilarga nisbatan kuch ishlatilishiga va ularning xibsga olinishlariga olib keldi.

Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 10 avgustga o‘tar kechasi mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlarida qatnashgani uchun 3000 kishi hibsga olingan, deya xabar berdi TUT.by portali. Shunga qaramay, namoyishlar ertasi kuni ham davom etdi. 11 avgustga o‘tar kechasi hibsga olinganlar soni noma’lum.

Belarus Tergov qo‘mitasi tomonidan ichki ishlar xodimlariga qarshi kuch ishlatilishi va tartibsizliklar bo‘yicha 21 ta jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Ularni sodir etganlikda ayblangan 80 kishi hibsga olingan.

To‘qnashuvlar paytida bir kishi halok bo‘ldi. Ichki ishlar vazirligining bildirishicha, namoyishchilardan biri huquqni muhofaza qilish xodimlarining yoniga noma’lum portlovchi moslamani tashlamoqchi bo‘lgan. «U qo‘lida portladi, erkak olgan jarohatlari tufayli yashab keta olmadi», — deyiladi bayonotda.

Mamlakatda internetga kirish bilan bog‘liq muammolar hali ham kuzatilmoqda: ijtimoiy tarmoqlar ishlamayapti, messenjerlar hammasi xizmat ko‘rsata olmayapti, qidiruv tizimlari esa uzluksiz ishlamoqda. Bunga javoban Telegram asoschisi Pavel Durov, messenjer mamlakatning ko‘plab foydalanuvchilarida ishlashini ta’minlash uchun kompaniya Belarusda «antitsenzura vositalarini» ishga tushirganligi haqida xabar berdi.

Ikki kun davom etgan norozilik namoyishlarida bir nechta jurnalistlar hibsga olingan va jarohatlangan. «Rossiya segodnya» axborot agentligining fotojurnalisti Ilya Pitalyov 10 avgust kuni soat taxminan 18 dan boshlab aloqaga chiqmay qo‘ygan. 11 avgust soat 2 larda «Nasha Nіva» nashri bosh muharriri Yegor Martinovich g‘oyib bo‘lgan, bu payt u SOS-xabarini yuborishga ulgurgan. Namoyishni tarqatish paytida «Belsat» telekanali jurnalistlari Alena erbinskaya va Tatyana Belashova hibsga olingan. Bobruyskda jurnalist Ales Chigir va uning rafiqasi Danutani, Brestda jurnalistlar Milan Xaritonov va Ales Levchuklar hibsga olingan. «Meduza» jurnalisti Maksim Solopov jarohat olgan. Tunda Getty Images fotojurnalisti Mixail Fridmanga qarab o‘q uzishgan. O‘q akkreditatsiyaga tekkan. Daily Storm muxbirlari Anton Starkov va Dmitriy Lasenko, ular bilan birga WarGonzo loyihasining yaratuvchisi Semyon Pegov ham xibsga olingan. Keyinchalik Starkov va Lasenko ozod qilindi. Semyon Pegov Minskdagi Okrestina ko‘chasidagi tergov hibsxonasida ushlab turilmoqda.

Oppozitsiyaning saylovdagi nomzodi Svetlana Tixanovskaya mamlakatdan chiqib ketdi va Litvaga ko‘chib o‘tdi. Uning ishonchli vakili Olga Kovalkovaning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi prezidentning asosiy raqibi mamlakatdan Belarus hukumati tomonidan chiqarib yuborilgan.

Seshanba kuni Svetlana Tixanovskaya videomurojaatida shunday dedi: «Bu kampaniya meni juda qattiqlashtirdi va menga shuncha kuch berdi, men hamma narsaga bardosh bera olaman deb o‘ylagan edim. Ammo, ehtimol, men avvalgiday kuchsiz ayol bo‘lib qolaverarman. Men o‘zim uchun juda qiyin bo‘lgan qarorni qabul qildim… Va bilamanki, ko‘pchilik meni tushunadi, ko‘pchilik meni qoralashadi va ko‘plari mendan nafratlanishadi. Ammo bilasizmi, hech kimga bunday holatga duch kelishini xudo ko‘rsatmasin. Shuning uchun, odamlar, o‘zingizni asrang, iltimos — hozir sodir bo‘layotgan narsalar hech biringizning hayotingizni hafvga qo‘yishingizga arzimaydi. Hayotimizda mavjud bo‘lgan eng muhim narsa — bolalar», — dedi u.

Avvalroq Svetlana Tixanovskaya Markaziy saylov komissiyasiga ovozlarni sanab chiqilishi yuzasidan shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan, u yerda u bilan huquq-tartibot idoralari xodimlari suhbatlashgan. U binoni boshqa kirish joyi orqali tark etgan, shundan keyin uning qayerdaligi haqida hech qanday ma’lumot bo‘lmagan.

Xalqaro hamjamiyat Belarusdagi saylovlarga boshqacha baho berdi. Aleksandr Lukashenkoni g‘alaba bilan birinchi bo‘lib Xitoy Xalq Respublikasi rahbari Si Szinpin tabrikladi, deb yozadi IA Belta va tez orada Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev ham tabriklagan. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Aleksandr Lukashenkoni g‘alabasi bilan tabrikladi.

Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy Belarus hukumati va namoyishchilarni ochiq muloqot qilishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, zo‘ravonlikning avj olishi «o‘ta og‘ir oqibatlarga olib keladi».

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish mamlakat rasmiylarini tinchlikni saqlashga va odamlarning tinch yig‘ilishlarga bo‘lgan huquqlarini hurmat qilishga chaqirmoqda. Shuningdek, u fuqarolar bu huquqdan tinchlik va qonunni buzmasdan foydalanishning muhimligini ta’kidladi.

AQSH saylovlar atrofidagi vaziyatdan xavotirda ekanligini bildirdi. AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeo Belarusdagi saylovlarni erkin va adolatli emas deb atadi. AQSH hukumati Belarus hukumatini tinch yig‘ilishlar huquqini hurmat qilishga va kuch ishlatmaslikka chaqirdi, deya xabar berdi «TASS».

Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasi Xendrik Dams Belarus saylovlarining haqqoniyligini shubha ostiga qo‘ydi. U, shuningdek, «tinch namoyishchilar, faollar va jurnalistlarni keng qamoqda ushlab turilishi» ga e’tibor qaratib, «muddatidan oldin saylov o‘tkazishning barcha tartibi» ni shubha ostiga qo‘ydi.

Germaniya Vazirlar Mahkamasining ta’kidlashicha, prezident saylovlari paytida demokratik saylovlar uchun minimal standartlarga rioya qilinmagan. «Shu munosabat bilan, Belarus YeXHT kuzatuvchilarining ishlashi uchun hech qanday imkoniyat bermaganidan juda afsusdamiz. Mamlakat siyosiy rahbariyati xalqning xohish-irodasini qabul qilishi kerak», — dedi Germaniya Vazirlar Mahkamasining rasmiy vakili Shtefen Zaybert, deya xabar berdi TUT.by uning so‘zlaridan iqtiboslar keltirgan holda. Germaniya Vazirlar Mahkamasining fikriga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Belarusdagi vaziyat bo‘yicha umumiy pozitsiyani ishlab chiqishi kerak.