O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva parlament yuqori palatasining oltinchi yalpi majlisida O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini tanqid qilib, ushbu sohadagi korrupsiya ta’lim sifatini pasaytirib, OTMlarning xalqaro reytinglardagi o‘rinlarining pasayishiga sabab bo‘layotganini ta’kidladi.

«Ta’lim tizimini, ayniqsa oliy ta’limni korrupsiya illatidan butkul xalos etishimiz zarur. Tahlillarga ko‘ra, oliy ta’limda korrupsiya holatlari deyarli barcha bosqichlarda mavjud. Talabalikka qabul qilishdan tortib, o‘qish jarayonidagi sinovlar, talabalarning o‘qish joyini ko‘chirishgacha bo‘lgan bosqichlarda keng tarqalgan», — dedi Senat raisi.

Tanzila Norboyevaning alohida qayd etishicha, bu holatlar ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatibgina qolmay, mamlakat oliy o‘quv yurtlarining xalqaro reytinglardagi o‘rnini ham tushirmoqda.

Senat rahbari bugungi kunda birorta ham oliygohning dunyodagi kuchli mingta universitetlar reytingiga kira olmaganini ma’lum qildi.

«Respublikamizdagi eng katta oliygoh — O‘zbekiston milliy universiteti ham jahonning 30 mingga yaqin universitetlari global reytingini tuzuvchi Webometrics xalqaro reytingida 3971- o‘rinni, boshqa reytinglarda esa 4080-o‘rinda turadi», — dedi Tanzila Norboyeva.

Webometrics reytingi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda jahon universitetlari reytinglarida respublikamiz oliy o‘quv yurtlari o‘rinlarini oshirish bo‘yicha jiddiy choralarni ko‘rish topshirildi.