2021 yilning 1 yanvariga qadar «FHDYOning yagona elektron arxivi» axborot tizimida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYO) organlari arxivlarida qog‘oz tashuvchilarda saqlanayotgan hujjatlarning elektron bazasi shakllantiriladi. Adliya vazirligiga yuklatilgan ushbu topshiriq prezident qaroridan o‘rin olgan.

Ta’kidlanishicha, «FHDYOning yagona elektron arxivi» axborot tizimida ariza beruvchining oila a’zolari tarkibini aniqlash funksiyasi joriy etilganidan so‘ng «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi tomonidan ijtimoiy nafaqalarni tayinlash uchun arizalarni elektron tarzda onlayn rejimida qabul qilish ta’minlanadi.

Arxiv hujjatlarini raqamlashtirishga Respublika byudjetidan 30 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident qarori bilan yil yakuniga qadar ijtimoiy nafaqalarni tayinlash bosqichma-bosqich «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali amalga oshirilishi ma’lum bo‘lgan edi.

Shuningdek, Davlat xizmatlari agentligi 2020 yilning yakuniga qadar «Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYO) yagona elektron arxivi» axborot tizimini blokcheyn texnologiyasiga o‘tkazishi haqida xabar berilgandi. Bu, o‘z o‘rnida, axborot xavfsizligi va shaffofligini ta’minlashi hamda firibgarliklar oldini olishga yordam berishi aytilmoqda.