3 avgust kuni AOKA huzuridagi shtabda bo‘lib o‘tgan brifingda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva «temir daftar» borasidagi savolga javob berdi.

«Temir daftar» — karantin sharoitida ishsiz, daromadsiz qolgan ehtiyojmand, yordamga muhtoj oilalarning mahallada shakllantirilgan shaffof ro‘yxati, deya ta’kidladi axborot xizmati rahbari.

«Temir daftar» o‘z navbatida fuqarolar yig‘inlari raisining sektor va hudud rahbari bilan hamkorlikdagi faoliyatini mustahkamlaydi.

«Temir daftar»ni yuritishda ehtiyojmand oilalarning 7 toifasi, jumladan:

  • kam ta’minlangan;
  • nogironligi bo‘lgan;
  • ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar;
  • yakka-yolg‘iz keksalar;
  • doimiy ishsiz fuqarolar;
  • karantin tufayli ishsiz qolgan fuqarolar;
  • og‘ir epidemiologik hududlardan qaytarib kelingan fuqarolarni kambag‘allikdan chiqarish choralari ko‘riladi.

Shuningdek, mas’ul xodimlar o‘zining kunlik amalga oshirgan ishlari yuzasidan «Temir daftar"idagi ma’lumotlarni saxovat.argos.uz saytiga raqamli imzo kaliti orqali elektron shaklda kiritib borishi haqida ma’lumot berildi.

«Temir daftar»ga tushgan oilaning hech bo‘lmaganda bitta a’zosini joriy yilda ish bilan ta’minlanib, shu orqali ularni muhtojlikdan chiqarish choralari ko‘riladi.