O‘zbekiston prezidenti 27 iyul kuni «Koronavirus pandemiyasini yumshatish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonga imzo qo‘ydi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Ushbu farmonga muvofiq, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlash bo‘yicha quyidagi kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilandi:

  1. Har bir oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda mobil guruhlar tashkil qilinadi hamda ular uchun soddalashtirilgan yo‘riqnoma ishlab chiqiladi;
  2. Laboratoriya tekshiruvi amaliyotiga xususiy sektorni jalb qilgan holda ekspress-test va immunoferment tahlili usullari kiritiladi;
  3. Aholi tomonidan murojaat qilinganda hamda ularda kasallik belgilari aniqlanganda tezkorlik bilan koronavirus infeksiyasiga tahlil olish va таҳлил natijalarini 3 kunlik muddatda ularni shaxsiy telefon raqamlari orqali xabardor qilish choralari ko‘riladi;
  4. Tibbiyot muassasalari o‘rtasidagi axborot almashish tizimi soddalashtiriladi — hisobotlar turi, davriyligi va boshqa qog‘ozbozliklar bilan bog‘liq jarayonlar elektron tizimga o‘tkaziladi.

Qayd etilishicha, qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda koronavirus kasalligiga chalingan bemorlarga uy sharoitida yordam ko‘rsatishning tegishli tartibi joriy qilinadi.

Bunda:

  • har bir oilaviy poliklinika kesimida umumiy amaliyot shifokori va patronaj hamshirasi uchun aniq xonadonlar taqsimlanadi hamda umumiy nazorat oilaviy poliklinika mudiri tomonidan amalga oshiriladi;
  • har bir tuman (shahar) tibbiyot birlashmasida tajribali shifokorlardan iborat bo‘lgan kasallikka chalingan bemorlarni saralash va evakuatsiya qilish, davolash jarayonini monitoring qilish guruhlari tuziladi;
  • Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan har bir tuman (shahar) tibbiyot birlashmasida birlamchi bo‘g‘in shifokorlari bilan tuman (shahar) tibbiyot birlashmasining vrachlari operativ maslahatlashish va bemorlar ahvolini to‘g‘ri baholay olish imkonini beradigan aloqa tizimi o‘rnatiladi;
  • oilaviy poliklinika mudiri har kuni kasalligi simptomsiz, yengil kechayotgan bemorlar, ular bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar soni, ahvoli, shuningdek davolash muolajalarini olayotgan bemorlarda kasallik kechish dinamikasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni telefon yoki onlayn videoaloqa tizimi orqali tuman (shahar) tibbiyot birlashmasining oilaviy poliklinikalar bo‘yicha koordinatoriga yetkazib boradi;
  • uy sharoitida davolanayotgan bemorlar ahvoli dinamikasida salbiy o‘zgarishlar kuzatilgan taqdirda mobil guruhga murojaat qilib, bemorni tuman (shahar) tibbiyot birlashmasiga tegishli bo‘lgan tibbiyot muassasalariga yotqizish choralarini ko‘radi.