IIV Sirdaryo viloyatida ichki ishlar organlari xodimlari va sudya bilan bog‘liq holat yuzasidan ma’lumot berdi va holat to‘g‘risida videolavha e’lon qilindi.

Videolavhadagi tasvirlarga ko‘ra, Nexia rusumli avtomashinani boshqarib kelayotgan shaxs Tez tibbiy yordam avtomashinalarining yo‘lini to‘sib qo‘yib, ularning to‘siqsiz harakatlanishiga halaqit qilgan.

IIV matbuot kotibining «Gazeta.uz» ga izohlashicha, blok-postdagi uchta yo‘lakdan iborat yo‘lning ikkitasi Guliston shahriga kirish uchun va bittasini Termiz shahri tomon harakatlanayotganlar uchun ochib qo‘yilgan. Guliston shahriga kirish uchun mo‘ljallangan ikkita yo‘lakda tirbandlik yuzaga kelganligi sabab Nexia rusumli avtomashinani boshqarib kelayotgan sudya aynan Termizga ketiladigan uchinchi yo‘lak orqali shaharga kirishga qaror qiladi va uchinchi yo‘lakka o‘tadi.

Uchinchi yo‘lak tez yordam mashinasining tirbandlikda turmasligi, to‘siqlarsiz harakatlanishi uchun bo‘shatilgan bir paytda, A.Ergashev shaharga o‘tishi kerakligini aytib yo‘lni tusib turib qolgan. Xodimlar shoshilinch tarzda mashinani yo‘ldan olish maqsadida, haydovchini mashinadan tushirib, mashinaning o‘zini yo‘l chekkasiga olib qo‘yishadi.

IIV Alisher Ergashevga qarshi hech qanday ortiqcha kuch ishlatilmaganligini ta’kidladi.