O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan yangi tashkil etilgan Yoshlar ishlari agentligining ikki nafar direktor o‘rinbosari tayinlandi. Bu haqda agentlikning axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Sarvar Ashurov Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

S. Ashurov shu kunga qadar Vazirlar Mahkamasining Ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, yoshlar, ma’naviyat va jamoat tashkilotlari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari kotibiyati mudirining o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan.

Shuningdek, Dilnozaxon Kattaxanova Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari etib tayinlandi. U Yoshlar ittifoqi raisi o‘rinbosari, Kamalak bolalar tashkiloti raisi lavozimida faoliyat yuritgan.

Ma’lumot uchun, 30 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan yoshlar siyosati sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi yangi organ — Yoshlar ishlari agentligi tashkil etilgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, prezident qarori bilan Alisher Sa’dullayev Yoshlar ishlari agentligi direktori etib tayinlangandi.