3 iyuldan boshlab O‘zbekistonda Facebook ijtimoiy tarmog‘iga kirish bilan bog‘liq muammolar yana kuzatildi. Foydalanuvchilar sekin yuklanayotgan yangilik lentalari, izohlar, videolar va fotosuratlar haqida shikoyat qilishmoqda.

O‘zbekistonda xizmatdan foydalanishdagi muammolar kuzatilayotganligi mashhur saytlardagi nosozliklar va xatoliklarni kuzatib boradigan Downdetector sayti tomonidan ham tasdiqlandi.

6 iyul kuni «Gazeta.uz» o‘zining Telegram-kanalida so‘rovnoma o‘tkazdi. Unda 4200 dan ortiq foydalanuvchi ishtirok etdi. Ularning faqat 45 foizi Facebook odatdagidek ishlayotganini aytishdi. 26% obunachilarning javob berishicha, ijtimoiy tarmoq faqat VPN orqali ishlayapti. Boshqa hollarda, desktop versiyasida (14%) yoki Facebook ning mobil dasturining ishlashida (15%) muammolar mavjud.

Foydalanish yuzasidan muammolar deyarli barcha uyali aloqa operatorlari mijozlari orasida, shuningdek, Uzonline, Sarkor, Netco, Sarkor, Turon Telecom, Fibernet va boshqa provayderlar mijozlarida ham kuzatilmoqda.

«Axborotlashtirish to‘g‘risida» gi qonunning 12−1 moddasiga muvofiq veb-saytlarga va veb-sayt sahifalariga kirish maxsus vakolatli organ — Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan, ayrim hollarda, shu jumladan mavjud konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirish chaqirig‘i, urushga chorlov, zo‘ravonlik va terrorizmni targ‘ib qilish, davlat sirlarini oshkor etish va shu kabi boshqa holatlarda cheklab qo‘yilishi mumkin.

Axborot texnologiyalari vazirligi matbuot xizmatining «Gazeta.uz» ga ta’kidlashicha, vazirlik Facebook ga kirish uchun «hech qanday cheklovlar yoki texnik talablar o‘rnatmaydi». Agar muammolar aniqlansa, matbuot xizmati provayderlar yoki Facebook bilan bog‘lanishni tavsiya qildi, chunki Axborot vazirligi fuqarolarning ijtimoiy tarmoqdan foydalanishi bilan bog‘liq hech qanday shikoyatlar qabul qilmagan.

Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasini nazorat qilish ishlari bo‘yicha davlat inspeksiyasi matbuot xizmatining ta’kidlashicha, «O‘zkomnazorat» turli saytlardan foydalanish imkoniyatlarini kuzatib bormaydi va ta’qiqlab qo‘ymaydi.

Inspeksiya Facebook dan ommaviy foydalana olmaslik holatlari kuzatilmayapti va bu nosozliklar borasida «bu ehtimol uskunani modernizatsiya qilish yoki ma’lum bir provayder yoki operatorning profilaktika jarayonlarini amalga oshirayotgani bilan bog‘liqdir», deya fikr bildirdi.

Shu bilan birga, «Gazeta.uz» bilan muloqot qilgan mutaxassislar Facebook tarmog‘ida kontentni tez yetkazib beruvchi tarmoq (CDN) darajasini trafikni sheyping qilish (kirish tezligini cheklash) belgilari mavjudligi va shu sabab sayt juda sekin ochilayotganligini ta’kidlashdi. O‘zini oshkor qilmaslik sharti bilan provayderlardan birining vakili buni tasdiqladi.

VPN orqali sayt erkin ishlamoqda. Spot O‘zbekistonda mobil VPN dasturlarining keskin ommalashganiga e’tibor qaratdi.


O‘zbekistonda Facebook va YouTube ga kirish bilan bog‘liq muammolar 2019 yil oxiri — 2019 yil boshida bir necha oy mobaynida ham kuzatilgan. Rasmiylar buni telekommunikatsiya uskunalarini yangilash va tayinlangan nomlar va raqamlar bo‘yicha internet-korporatsiyasi — ICANN ning kriptografik kalitini o‘zgartirish bilan izohlashgan edi. Ammo keyinroq manbalar bloklangani ma’lum bo‘ldi.

2019 yil yozida o‘sha payt Prezident ma’muriyati huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori va prezidentning matbuot kotibi vazifasini bajarayotgan Komil Allamjonov YouTube va Facebook ni bloklab qo‘ygan shaxslar «qamoqda» ekanliklarini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga qaraganda, bu yo‘l bilan salbiy ma’lumotlar oqimini kamaytirishga harakat qilingan.

Komil Allamjonov internetni o‘chirish bilan hech narsaga erishilmasligini ta’kidlagan edi. Undan tashqari, VPN ning tobora ommalashib borishi noqonuniy va zararli manbalarga kirish imkoniyatini ochadi, bu esa xavfsizlik tizimlarini vayron qiladi.

Video: O‘zbekistonda Facebook qanday ishlamoqda