Toshkent shahrida koronavirus bilan kasallangan 50 yoshli ayol vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mirobod tumanida yashovchi fuqaro 3 iyuldan 9 iyulgacha uy sharoitida davolanib kelgan. Nafas yetishmovchiligi belgilari kuchaygach, 1-son shahar klinik shifoxonasiga yotqizilgan va sun’iy nafas olish apparati bilan bog‘langan.

Ayolga COVID-19 infeksiyasi og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, ilk aniqlangan qandli diabet hamroh kasalliklari bilan ham og‘rigan. Bir yil oldin bemorda onkologik kasallik aniqlangan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.

Bu mamlakatda koronavirus bilan kasallangan bemorlar orasida qayd etilgan 55-o‘lim holati.