Qashqadaryoda bir kishi 30 fuqaroga virus yuqtirdi, deya ma’lum qildi viloyat hokimi Zoyir Mirzayev viloyat maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 24 iyun kuni qashqadaryolik shifokor karantin talablariga rioya etmagan holda qarindoshinikida oilaviy tadbirda va deputatlar bilan uchrashuvda ishtirok etib, 30 fuqaroga virus yuqishiga sabab bo‘ldi.

Hokim viloyatda 8 iyul kuni 161 ta koronavirus holati aniqlangani, kasallanganlarning 127 nafari «Inter injiniring» kompaniyasi xodimlari bo‘lsa, 34 ta holat mahalliy aholi orasida qayd etilganini aytib o‘tdi.

Bundan tashqari, viloyat hokimi yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish litsenziyasiga ega bo‘lgan yo‘nalishsiz taksilar Respublika maxsus komissiyasi talablarini bajarmasa, yo‘lovchi tashish faoliyati to‘xtatilishi mumkinligini ham bildirdi.

«Agar Respublika maxsus komissiyasi talablari bajarilmasa, viloyat maxsus komissiyasi qarori bilan yo‘lovchi tashish faoliyati 1 avgustga qadar to‘liq to‘xtatiladi», — dedi Zoyir Mirzayev.

Shuningdek, viloyatda yo‘l bo‘yida, ko‘chalarda, aholi gavjum joylarda «O‘rik sharbati», «Kvass», «Mors» va «Chalop», yurib muzqaymoq va yaxna ichimliklar, pista, tamaki mahsulotlari (donalab) hamda pishgan oziq-ovqatlarni sotish qat’iyan ta’qiqlanishi ma’lum qilindi.