O‘zbekiston hududida birinchi bemor 15 mart kuni qayd etilgan bo‘lsa-da, kasallik mamlakatimizga undan avval ham kirib kelgan bo‘lishi ham mumkin, deya fikr bildirdi Sanitariya-epidemiologik nazorat inspeksiyasi bosh inspektori Nurmat Otabekov AOKAda bo‘lib o‘tgan Maxsus komissiyaning karantin choralarini kuchaytirish borasidagi qaroriga bag‘ishlangan brifingda.

“Biz birinchi aniqlagan bemorimizdan sarhisobni boshladik. Shundan keyin statistik raqamlar shakllandi. Bir jihatga e’tibor beraylik. O‘zbekiston hududida birinchi bemor 15 martda qayd etildi. Biroq kasallik mamlakatimizga undan avval ham kirib kelgan bo‘lishi ham mumkinligini inkor etmaymiz”, — dedi Nurmat Otabekov.

Shuningdek, u bunday vaziyatda nafaqat tibbiyot, Ichki ishlar, Milliy gvardiya, OAV, hokimliklar yoki muayyan soha vakillari, balki barcha fuqarolarning roli katta ekanini ta’kidladi.

“Aynan qars ikki qo‘ldan chiqadigan vaziyat mana bugun biz uchun asqotadi. Shunday ekan, xalqimiz mutaxassislarning fikrini tinglab, unga itoat qilmas ekan, unga bo‘yin egmas ekan, biz vaziyatni barqarorlashtira olmaymiz” — deya ta’kidladi Sanitariya-epidemiologik nazorat inspeksiyasi bosh inspektori.