Namangan viloyati Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi (SEOM)dagi talon-torojliklar fosh etildi, deya xabar qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, viloyat SEOM mansabdor shaxslari “F.B.”, “A.T.” va “H.S.” MCHJlar bilan 275,9 mln so‘m bo‘lgan “gipoxlorid kalsiy” dizenfeksiyalovchi vositasini 524,8 mln so‘mga sotib olish bo‘yicha shartnomalar tuzgan.

Shu yo‘l bilan ular dezinfeksiyalovchi vositalarini o‘rtacha bozor narxidan 248,9 mln so‘mga qimmat narxlarda sotib olib, juda ko‘p miqdordagi byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan.

Mazkur holat yuzasidan markazning mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq SEOM mansabdor shaxslari xuddi shu yo‘l bilan Navoiy viloyatida 222,3 mln so‘m, Buxoro viloyatida 202,5 mln so‘m miqdoridagi byudjet mablag‘larini talon-taroj qilgan edi.