Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi sementni import asosida respublikaga “yashil yo‘lak” tizimi orqali olib kirishni taklif qildi. Bu haqdagi tegishli prezident qarori loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.

Qaror loyihasida ta’kidlanishicha, bu orqali tadbirkorlarga qulaylik yaratish hamda ichki bozorni sifatli sement bilan uzluksiz ta’minlash ko‘zda tutilgan.

“Yashil yo‘lak” tizimining ishlash tartibi

Ushbu tizim orqali kirib keladigan sementning bojxona rasmiylashtiruvi quyidagi tartiblarning birini qo‘llash orqali amalga oshirilishi mumkin:

  • sement to‘pi bojxona chegarasiga kelguniga qadar import qiluvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ekt tomonidan ixtiyoriylik asosida uning namunalari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiqligini baholash uchun сертификатлаштириш organiga taqdim etiladi, bunda mahsulotning erkin muomalaga chiqarilishi tegishli muvofiqlik sertifikati olingandan so‘ng amalga oshiriladi;
  • oxirgi o‘n ikki oy davomida berilgan muvofiqlik sertifikati asosida (amal qilish muddatidan qat’iy nazar) sement bojxona chegarasiga olib kelingandan so‘ng “Yagona darcha” bojxona axborot tizimida mahsulotni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiqligini baholash uchun berilgan arizaning sertifikatlashtirish organi tomonidan qabul qilinishi va sinovlar o‘tkazish uchun shartnoma tuzilishi mahsulotning erkin muomalaga chiqarilishiga asos bo‘ladi, bunda laboratoriya sinovlarining natijalariga ko‘ra sinov bayonnomasi beriladi;
  • sertifikatlashtirish organi bilan xo‘jalik yurituvchi sub’ekt o‘rtasida tuzilgan shartnoma doirasida sementni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi sertifikatlashtirish organi tomonidan davriy ravishda laboratoriya sinovlaridan o‘tkaziladi.

Shu bilan birga, laboratoriya sinovi natijalariga ko‘ra sement belgilangan talablarga nomuvofiq deb topilgan taqdirda, bu to‘g‘risida bir kun muddatda sertifikatlashtirish organlari tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub’ekt va tegishli davlat organlari xabardor qilinadi.

Bunda, belgilangan talablarga nomuvofiq deb topilgan sement realizatsiya qilingan taqdirda, xo‘jalik yurituvchi sub’ekt tomonidan mahsulot realizatsiyasidan tushgan tushum xaridorlarga qaytariladi yoxud xaridorlarni aniqlash imkoni bo‘lmagan taqdirda respublika byudjetiga olib qo‘yilishi rejalashtirilgan. Ushbu ikki holat bo‘yicha “O‘zstandart” agentligi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilinishini ta’minlash departamenti ko‘rsatma beradi.

“Belgilangan talablarga nomuvofiq deb topilgan sementni olib kirgan xo‘jalik yurituvchi sub’ekt olti oy muddat davomida ushbu mahsulotni olib kirishda „yashil yo‘lak“ tizimidan foydalanish huquqiga ega bo‘lmaydi”, — deyiladi xabarda.

Javobgarlik

Ta’kidlanishicha, “O‘zstandart” agentligi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohasidagi qonunchilik talablariga rioya qilinishini ta’minlash departamenti bergan ko‘rsatmani bajarmaganlik uchun xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning mansabdor shaxslari va yakka tartibdagi tadbirkorlar amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘ladi.

Shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi me’yoriy hujjatlar talablariga nomuvofiq deb topilgan sementni realizatsiya qilish natijasida yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar, sementni import asosida olib kirgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlardan sud tartibida undirilishi ko‘zda tutilgan.

Qaror loyihasiga ko‘ra, talablarga javob bermaydigan sementni import qilgani uchun tadbirkorlar quyidagi miqdordagi jarimalarga tortilishi rejalashtirilmoqda:

  • texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi me’yoriy hujjatlar talablariga javob bermaydigan sementni olib kirganlik uchun xo‘jalik sub’ektlarga bojxonada rasmiylashtirish uchun taqdim etilgan hujjatlarda aks ettirilgan mahsulot qiymatining 25 foizi, ushbu holat takroran sodir etilganda 50 foizi miqdorida jarima qo‘llaniladi;
  • mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi me’yoriy hujjatlar talablariga javob bermaydigan sementni realizatsiya qilganlik uchun sotilgan sement to‘pining qiymatidan 25 foizi, ushbu holat takroran sodir etilganda 50 foizi miqdorida jarima qo‘llaniladi;
  • sertifikatlashtirish organi sementning muvofiqligini baholash qoidalarini buzganligi aniqlangan taqdirda, mazkur holat yuzasidan ko‘rsatilgan xizmat qiymatining 5 barobari va ushbu holat takroran aniqlanganida 10 barobari miqdorida ushbu sertifikatlashtirish organiga jarima qo‘llaniladi, shuningdek olti oy mobaynida sementning muvofiqligini baholashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ushbu jarima mablag‘lari Moliya vazirligi g‘aznachiligida ochilgan byudjetdan tashqari hisob raqamiga o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda.

“Departamentga [ „O‘zstandart“ agentligi huzuridagi — tahr. ] mahsulotlarni nazorat tartibida xarid qilish va ularni laboratoriya sinovlari xarajatlarini jarima mablag‘lari hisobidan qoplashga ruxsat etilsin”, — deyiladi xabarda.

Qaror loyihasining muhokamalari 20 iyulga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyi boshida hukumat sementni import qilish jarayonini soddalashtirish bo‘yicha topshiriq bergandi.