Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonga 500 mln AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘larini ajratish bo‘yicha qarorni ma’qulladi. Bu haqda Moliya vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, jalb qilinayotgan mablag‘lar Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi va davlat byudjetiga koronavirus pandemiyasi va global inqirozning salbiy ta’sirini kamaytirish choralarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Ta’kidlanishicha, Osiyo taraqqiyot banki tomonidan qarz mablag‘larini ajratishdan avval mamlakatdagi makroiqtisodiy holat, shu jumladan Davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xatarlari tahlil qilindi. Tahlil natijalariga ko‘ra, OTB O‘zbekiston davlat qarzi barqaror va xatarlar past darajada deb baholangan.

Moliya vazirligining xabarida qayd etilishicha, 500 mln AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli qarz mablag‘lari 15 yil muddatga (shundan, 3 yil imtiyozli davr) Libor (6 oylik) + spred (0,5%) yillik foiz stavkasida ajratilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyi boshida O‘zbekiston hukumati koronavirus pandemiyasi tufayli byudjetni qo‘llab-quvvatlash uchun Osiyo taraqqiyot bankidan 1 mlrd dollargacha miqdorda mablag‘ ajratishni so‘ragandi. Shunda, bank O‘zbekistonning koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq tibbiy ehtiyojlari uchun 200 ming AQSH dollariga teng miqdorida grant ajratilishini ma’qullagandi.