Moliya vazirligi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasining daromad va xarajatlari haqida ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 17 iyun kuniga qadar Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘arma hisobiga jami 7,44 trln so‘m kelib tushgan. Ulardan 7,32 trln so‘mi xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari bo‘lsa, qolgan 123,5 mlrd so‘mi Davlat byudjeti hisobidan.

Iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash

Eng ko‘p mablag‘ mamlakat iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun sarflangan — jami 1,7 trln so‘m. Ushbu mablag‘ning 500 mlrd so‘mi «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ korxonalariga, 401 mlrd so‘m esa O‘zbekneftgaz AJga subsidiya sifatida, «250 mlrd so‘m Hududiy elektr tarmoqlari» AJga ssuda berilgan. Shu bilan birga, aviatsiya sohasiga jami 507 mlrd so‘m sarflangan (406 mlrd so‘m «Uzbekistan Airways» AJga va 101 mlrd «Uzbekistan Airports» AJga ssuda berilgan). Qolgan 40 mlrd so‘m esa «Birinchi Rezinotexnika Zavodi» MCHJning xarajatlarini amalga oshirish uchun safarbar etilgan.


Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi

Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi hisobiga 661 mlrd so‘m o‘tkazilgan. Ushbu summadan 248 mlrd so‘m test tizimlari, reaktivlar va himoya vositalarini sotib olish uchun sarflangan. Hududiy markazlarga 366 mlrd so‘m yo‘naltirilgan: 338 mlrd so‘m fuqarolarni karantinda saqlayotgan muassasalar xodimlarining ish haqi, oziq-ovqat, gigiyena tovarlari va boshqa harajatlarga; 19 mlrd so‘m jamoat joylarini dezinfeksiya qilish ishlariga, 9 mlrd so‘m epidemiologik holat bilan kurashish bo‘yicha tadbirlarga sarflangan.

Bundan tashqari, karantin tadbirlari va koronavirusga qarshi kurashda ishtirok etayotgan tibbiyot xodimlari va boshqa xodimlariga qo‘shimcha rag‘batlantirish uchun to‘lovlarga 36 mlrd so‘m sarflangan. 11 mlrd so‘m maxsus avtotransport vositalarini xarid qilish uchun yaratilgan.


Suv ta’minoti va irrigatsiya tadbirlari

Xarajatlar qatorida 573 mlrd so‘m suv ta’minoti va irrigatsiya tadbirlariga yo‘naltirilgan. Bunda, 246 mlrd so‘m irrigatsiya ob’ektlarini qurish va rekonstruksiyasi uchun, 61 mlrd so‘m «Hududiy suv ta’minoti» MCHJga ssuda tariqasida ajratilgan mablag‘lar, 57 mlrd so‘m Jizzax viloyati Zafarobod tumanidagi «Inshoot» ob’ekti qurilishiga, 53 mlrd so‘m Davlat ekologiya qo‘mitasiga ssuda sifatida, 99 mlrd so‘m Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga ichimlik suvi ta’minoti va oqava suv chiqarish tizimlarini qurishga, 16 mlrd so‘m 20 ming o‘rinli aholini vaqtinchalik karantinda saqlash majmuasi suv ta’minoti uchun, 14 mlrd so‘m Suv xo‘jaligi vazirligiga — Jizzax viloyatidagi irrigatsiya tadbirlari uchun, 10 mlrd so‘m Orolni qutqarish jamg‘armasining irrigatsiya tadbirlariga, 9 mlrd so‘m 2020 yilda melioratsiya ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish ishlariga va qolgan 8 mlrd so‘m 10 ming o‘rinli maxsus shifoxonalar suv ta’minoti uchun ajratilgan.


Shifoxonalarni qurish va jihozlash

Jami 553 mlrd so‘m shifoxonalar va karantin majmualarini qurish va jihozlash uchun sarflangan. Ushbu mablag‘ning 286 mlrd so‘mi 10 ming o‘rinli maxsus shifoxonalar qurish uchun, 182 mlrd so‘m 20 ming o‘rinli aholini vaqtinchalik karantinda saqlash majmuasini qurish uchun, 66 mlrd so‘m Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand hamda Surxondaryo viloyatlarida tashkil etiladigan maxsus shifoxonalar va vaqtinchalik karantinda saqlash majmualariga, shuningdek, 10 mlrd so‘m diagnostika laboratoriyasi majmuasi rekonstruksiyasiga, 9 mlrd so‘m tibbiy jihoz va inventarlar, dori-darmon, dezinfeksiya ishlari va tibbiy buyumlar uchun sarflangan.


Ijtimoiy soha

Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan ijtimoiy sohaga jami 929 mlrd so‘m yo‘naltirilgan. Bunda, 60 mlrd so‘m kam ta’minlangan oilalarda yashovchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Kasaba uyushmalari Federatsiyasiga; 100 mlrd so‘m band bo‘lmagan fuqarolarni vaqtinchalik ishlarga jalb qilish uchun Jamoat ishlari jamg‘armasiga; 155 mlrd so‘m ijtimoiy nafaqalarga; 310 mlrd so‘m shaharlar va ko‘cha yo‘llarini ta’mirlash ishlariga; 61 mlrd so‘m Toshkent shahar mahalliy byudjetiga ssuda sifatida; 50 mlrd so‘m shaxsiy tomorqalarni rivojlantirish uchun ishsiz, kam ta’minlangan, oilalarga; 83 mlrd so‘m umumta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablarni qurish, rekonstruksiyalash, jihozlash ishlariga; 80 mlrd so‘m Prezident maktablarini qurish va jihozlash ishlariga; 18 mlrd so‘m «Toshkent metropoliteni» va «Toshshahartransxizmat» xodimlariga ish haqi to‘lash uchun, 9 mlrd so‘m «O‘zavtotransservis» va «Toshshahartransxizmat» transport xarajatlarini qoplashga; 2 mlrd so‘m «O‘ztemiryo‘lovchi» AJ fuqarolarni manzillariga yetkazib qo‘yish xarajatlari, 1 mlrd so‘mlik gumanitar yordamni olib kelishi bilan bog‘liq Mudofaa vazirligi xarajatlari uchun ajratilgan.