Xorijdan charter reys bilan kelib, kasalligi tasdiqlangan bemor o‘tkir nafas va yurak qon — tomir yetishmovchiligidan vafot etdi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, samarqandlik A. shu yilning 27 may kuni Sankt -Peterburgdan charter reys orqali kelgan va Karantin markaziga tibbiy kuzatuvga olingandi. Unda joriy yilning 1 iyun kuni «Covid-19» infeksiyasi tasdiqlanib, poytaxtdagi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasiga yotqizilgan.

Koronavirus infeksiyasiga chalingan ushbu bemor (erkak) uzoq yillar davomida o‘tkir leykoz, surunkali anemiya og‘ir darajasi va nafas yetishmovchiligi kabi kasalliklar bilan davolanib kelgan.

Shu yilning 1 iyun kuni bemorning ahvoli og‘irlashib, reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan. Shu kungacha unga bosh mutaxassislar tomonidan konsultatsiyalar, mamlakatimizdagi tegishli ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining shifokorlari tomonidan telemeditsina orqali konsiliumlar o‘tkazilib, doimiy nazorati ta’minlangan.

Biroq standartlar bo‘yicha ko‘rsatilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.