4 iyun kuni Namangan viloyati Pop tumani “Toshkent-Osh” avtomobil yo‘lining 227 kilometrida 3 ta yuk avtomashinasi ishtirokidagi yo‘l transport hodisasi ro‘y berdi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, 4 iyul kuni soat 05:00 da 63 yoshli A.R., boshqaruvida bo‘lgan “Sams” rusumli yuk avtomashinasini Pop tumani “Ko‘shminor” MFY hududidan o‘tuvchi “Toshkent-Osh” avtomobil yo‘lining 227 kilometrida boshqarib ketayotganida, tormoz tizimi ishlamay qolishi natijasida harakat xavfsizligini ta’minlay olmasdan, shu yo‘nalish bo‘yicha yo‘lning chetida to‘xtab turgan 26 yoshli A.G‘. ning boshqaruvida bo‘lgan “Isuzu” yuk avtomashinasiga va 26 yoshli N.R. ning boshqaruvida bo‘lgan ikkinchi “Isuzu” yuk avtomashinaning orqa qismiga urilib, ag‘darilgan. Oqibatda “Sams” yuk avtoavtomashinasining kabina qismida yong‘in yuzaga kelgan.


YTH oqibatida “Sams” yuk mashina haydovchisi A.R. va “Isuzu” yuk avtomashinadan birining haydovchisi A.G‘. lar hodisa joyida vafot etganlar, ikkinchi “Isuzu” rusumli yuk avtomashinaning haydovchisi N.R. shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Pop tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.