3 iyun kuni soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 3769 nafarni tashkil qilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qildi.

Unga ko‘ra, yangi kasallanish holatlarining 7 nafari Toshkent viloyatida (6 nafari xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisi, 1 nafari aholi orasidan aniqlangan), 2 nafari Sirdaryo viloyatida (1 nafari xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisi, 1 nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib karantinga olingan) aniqlangan.

Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov so‘zlariga ko‘ra, hozirda Respublika bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan 846 kishi davolanmoqda. Ulardan 10 nafar bemor og‘ir, 1 nafar bemor esa o‘ta og‘ir ahvolda, deb baholanmoqda.

Koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni hozirda 2908 kishini tashkil etmoqda. O‘n besh kishi hayotdan ko‘z yumgan.