Moliya vazirligi koronovirus bilan kasallangan va karantinga olingan fuqarolari davolanayotgan tibbiyot xodimlariga beriladigan rag‘batlantirish pullarini to‘lanishi monitoringi natijalarini e’lon qildi. To‘lovlar Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilgan.

Moliya vazirligi Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan 15−18 may kunlari o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 32 ta tibbiyot muassasaslarida 932 nafar xodimga 19,6 mlrd so‘m miqdorida maxsus rag‘batlantirish pullari to‘lovi kechiktirganligi aniqlandi.

Bunga sabab — tibbiyot muassasalari, hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari hamda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari moliya organlariga xodimlar ro‘yxati va talabnomalarni o‘z vaqtida bermagan.

Masalan, Qashqadaryo viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasi tomonidan viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markaziga talabnoma o‘z vaqtida bermaganligi oqibatida, 21 nafar tibbiyot xodimiga ikkinchi 14 kun ish faoliyati uchun 373,6 mln so‘m rag‘batlantirish pullari o‘z vaqtida amalga oshirilmagan.

Samarqand viloyat Yuqumli kasalliklari klinik shifoxonasi tomonidan tibbiyot xodimlariga rag‘batlantirish pullari uchun talabnoma yuborilgan bo‘lsada, viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tibbiyot xodimlar ro‘yxatini tasdiqlab, mablag‘ ajratishga talabnomani viloyat moliya bosh boshqarmasiga taqdim etilmagan. Oqibatida 61 nafar tibbiyot xodimiga 1,2 mlrd so‘m rag‘batlantirish pullarini to‘lanish kechikkan.

Xorazm viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markaziga 9 ta sog‘liqni saqlash muassasasi tomonidan 6 may kuni xodimlarga rag‘batlantirish puli uchun talabnomalar berilgan bo‘lsada, viloyat SEOM tibbiyot xodimlari ro‘yxati va zarur mablag‘ 1,7 mlrd so‘m uchun talabnomalar shakllantrilmagan.

Andijon viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasi mas’ullari tomonidan boshqa tibbiyot muassasalardan jalb etilgan tibbiyot xodimlariga ishlagan kunlari uchun tabellarni taqdim etilamaganligi oqibatida 80 nafar tibbiyot xodimiga 1,7 mlrd so‘m rag‘batlantirish pullari o‘z vaqtida to‘lanmasdan qolgan.

Shu kabi Toshkent shahrining 5 ta tibbiyot muassasi tibbiyot xodimlariga qariyb 4,8 mlrd so‘mlik rag‘batlantirish pullari o‘z vaqtida to‘lanmaganligi aniqlandi.

Nazorat tadbirlarida aniqlangan holatlar bartaraf etilib, tibbiyot xodimlariga rag‘batlantirish pullari o‘z vaqtida to‘liq to‘lanishi ta’minlandi — 932 kishiga 19,6 mlrd so‘m.

Shuningdek, nazorat tadbirlarida koronovirus bilan kasallangan va karantinga olingan fuqarolari davolashda ishtirok etmagan xodimlarni rag‘batlantirish puli ro‘yxatiga asossiz kiritish va to‘lash holatlari ham aniqlandi. Asossiz va ortiqcha kiritilgan mablag‘lar o‘rgatilgan tartibda moliyalashtirishdan chegirib qolindi, asossiz to‘lab yuorilgan pullarni undirish choralari ko‘rilmoqda.

26 may holatiga ko‘ra, tibbiyot xodimlariga jami to‘langan to‘lovlar miqdori 142 9 mlrd so‘mni tashkil etdi.