13 maydan Samarqand shahrida karantin qoidalari kuchaytiriladi. Bu haqda shahar hokimi, prokurori va IIB boshlig‘i ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.

“Samarqand shahri epidemiologik nuqtai nazaridan „qizil“ hududga kirgan. Oxirgi vaqtlarda karantin qoidalarining bir oz yumshatilishi ayrim fuqarolarimiz tomonidan suiiste’mol qilinmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, koronavirusning tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu maqsada viloyat epidemiyaga qarshi kurashish favqulodda komissiyasining 12 may kungi qaroriga ko‘ra, Samarqand shahrida karantin qoidalariga amal qilish kuchaytiriladi”, — deya ma’lum qildi shahar hokimi Boburmirzo Obloqulov.

Endilikda, viloyat komissiyasining qarori bilan, kuchaytirilgan karantin qoidalari 13 may soat 6:00 dan boshlab amal qilinadi. Jumladan, soat 7:00 dan 10:00gacha va 17:00 dan 20:00 gacha shaharda transport vositalarining erkin harakatlanishi cheklanadi. Endi faqatgina belgilangan ruxsatnomaga (stiker) ega transport vositalariga harakatlanishga ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, shaharda faqat oziq-ovqat do‘konlari, dorixonalar va dehqon bozorlari faoliyatiga ruxsat beriladi. Bundan boshqa barcha xizmat turlari cheklanadi. Faoliyatiga ruxsat berilgan ob’ektlarda har bir mijozning tana harorati o‘lchanib, dezinfeksiya vositalari bilan ishlov beriladi. Shuningdek, mijozga bepul yangi niqob va qo‘lqop berilishi шартлиги ko‘rsatildi.

Shaharga kirishga o‘rnatilgan 25 ta blokpostlar faoliyati ham kuchaytiriladi. Shaharga maqsadsiz kirish hamda shaharda maqsadsiz va stikerlarsiz harakatlanish cheklanadi.

Shahardagi barcha tashkilot, muassasa va organlarga, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, begona shaxslar kiritilmaydi. Har bir tashkilotning kirish eshigida doimiy navbatchilik tashkil etiladi.

Bugungi kunda Samarqand shahrida SES, IIB YHXB, milliy gvardiya xodimlaridan iborat 10 ta mobil nazorat guruhi ishlamoqda. Yana 15 ta shunday guruh tashkil qilinadi va kunlik nazorat ishlari davom ettiriladi.