Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida uch kishi hayotdan ko‘z yumdi, deya xabar berdi IIV huzuridagi Tergov departamenti matbuot xizmati.

Hodisa 5 may kuni taxminan 23:30 da sodir bo‘ldi. 31 yoshli Matiz haydovchisi R. M. “Do‘stlik” mahallasi hududida harakatlanib borar ekan, avtomobil boshqaruvini yo‘qotadi va natijada mashina yo‘ldan chiqib ketib, kanalga qulaydi.

Matiz haydovchisi hamda uning yo‘lovchilari 30 yoshli A. D. va 22 yoshli (qiz) R. M. hodisa joyida hayotdan ko‘z yumdi.

Tuman IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (yo‘l harakati xavfsizligi yoki transportdan foydalanish qoidalarining buzilishi odamlar o‘limiga olib kelsa) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi.