Toshkent davlat transport universiteti tashkil etiladi. Bu haqda Transport vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, Respublika transport sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, tizimni ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlar asosida tubdan takomillashtirish, ta’lim jarayoniga o‘qitishning innovatsion uslublari va axborot texnologiyalarini keng joriy etish hamda sohaning ilmiy salohiyatini yanada oshirish maqsadida mamlakat prezidentining “Transport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorga muvofiq, Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti, Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi instituti hamda Toshkent davlat texnika universitetining aviakosmik texnologiyalari fakulteti birlashtirilib, Toshkent davlat transport universiteti tashkil qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 27 fevral kuni Transport vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Transport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlar to‘g‘risida” prezident qaror loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalar muhokamasiga chiqarilgan edi. Unda, vazirlik Toshkent transport universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifini ilgari surgandi.