O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 may kuni “Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash hamda ipoteka krediti bozorini yanada kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, 2020 yil 1 maydan boshlab 2022 yil 1 yanvarga qadar jismoniy shaxslarga xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan tayyor holda topshirish shartisiz (pardoz ishlarini amalga oshirmasdan) qurilgan kvartiralarni birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun ham ipoteka kreditlarini ajratishga ruxsat beriladi.

Xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan qurilishi tugallangan, shuningdek, tayyor holda topshirish shartisiz (pardoz ishlarini amalga oshirmasdan) qurilgan kvartiralarni birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditlarining eng ko‘p miqdorlari:

  • qishloq joylarida 2 xonali kvartiralar uchun 174 mln so‘mdan 240 mln so‘mgacha, 3 va undan ko‘p xonali kvartiralar uchun 224 mln so‘mdan 320 mln so‘mgacha;
  • shaharlarda 2 xonali kvartiralar uchun 180 mln so‘mdan 240 mln so‘mgacha, 3 va undan ko‘p xonali kvartiralar uchun 232 mln so‘mdan 320 mln so‘mgacha;
  • Toshkent shahrida 2 xonali kvartiralar uchun 198 mln so‘mdan 264 mln so‘mgacha, 3 va undan ko‘p xonali kvartiralar uchun 255 mln so‘mdan 352 mln so‘mgacha oshirilad.

Yangi tartib doirasida aholiga ajratiladigan ipoteka kreditlari (shu jumladan bugungi kunga qadar ajratilgan ipoteka kreditlari) muddati 15 yildan 20 yilgacha uzaytiriladi.

2 va 3 xonali kvartiralarni sotib olishga ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badalning bir qismini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun subsidiyalar Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Qurilish vazirligi tomonidan belgilangan uy-joy hisoblangan qiymatining 10 foizi miqdorida to‘lanadi.

Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida tajriba tariqasida Moliya vazirligining tijorat banklariga ajratgan kredit resurslari hisobidan mazkur qaror qabul qilingunga qadar jismoniy shaxslarga qonunda belgilangan tartibda uy-joy qurish uchun ajratilgan yer uchastkalarida yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va qayta qurish uchun kreditlar ajratishga ruxsat beriladi.

Bunda, kreditlar jismoniy shaxslarga:

  • qurilayotgan (qayta qurilayotgan) yakka tartibdagi uy-joy joylashgan joyi bo‘yicha mazkur qarorning 3-bandida nazarda tutilgan kreditning eng ko‘p miqdorlaridan oshmaydigan va dastlabki badali yakka tartibdagi uy-joyni qurish (qayta qurish) ishlari qiymatining 10 foizidan kam bo‘lmagan miqdorida 20 yil muddatga ajratiladi;
  • belgilangan tartibda kelishilgan va tasdiqlangan loyiha asosida xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan bajarilgan yakka tartibdagi uy-joyni qurish (qayta qurish) ishlari bo‘yicha to‘lovlarni ularning depozit hisob raqamlariga naqd pulsiz shaklda amalga oshirish orqali beriladi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi hamda Markaziy bank bilan birgalikda 1 dekabrga qadar Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida amalga oshiriladigan tajriba natijalaridan kelib chiqib, yakka tartibdagi uy-joylar qurilishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga 2020−2021 yillar davomida uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj aholi qatlamini manzilli qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahalliy byudjet daromadlarining oshirib bajarilgan qismi hisobidan Farmon bilan tegishli hudud uchun belgilangan subsidiyalar sonini 1,3 baravarga
va summasini 40 foizgacha oshirishga ruxsat berildi.

2020 yil 1 maydan 31 dekabrga qadar Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan xususiy pudrat tashkilotlariga yangi tartib doirasida shahar va qishloq joylarida 4 va undan yuqori qavatli hamda Toshkent shahrida 7 va undan yuqori qavatli ko‘p kvartirali uy-joylar qurish uchun ajratilgan tijorat banklarining milliy valyutadagi kreditlari bo‘yicha:

  • kredit summasining 50 foizigacha, biroq 8 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda kafillik beriladi;
  • foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmaydigan va summasi 20 milliard so‘mdan ortiq bo‘lmagan kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, biroq 10 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun kompensatsiya to‘lanadi.

Bunda, kafillik va kompensatsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Qurilish vazirligi tomonidan kvartira bir kvadrat metrining tegishli hududdagi o‘rtacha bozor qiymati hamda 2-xonali, 3 va undan ko‘p xonali kvartiralar maydonining belgilangan me’yorlarini inobatga olgan holda ko‘p kvartirali uy-joylar qurilganda beriladi.

Vazirlar Mahkamasi ikki xafta muddatda yangi tartib doirasida shaharlarda ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish uchun yer uchastkalarini “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasidagi elektron auksioniga chiqarish choralarini ko‘rishi lozim.