AQSHning Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi (USCIRF) O‘zbekistonni «diniy erkinlik sohasida alohida xavotirga molik davlatlar» qatoridan olib tashladi. Bu haqda mazkur komissiyaning dunyoda diniy erkinlik holatini baholaydigan yangi hisobotida ma’lum qilingan.

Unga ko‘ra, 2005 yildan beri birinchi marta komissiya AQSH Davlat departamentiga O‘zbekistonni «diniy erkinliklarga alohida e’tibor beriladigan davlatlar» («country of particular concern») ro‘yxatiga kiritishni taklif qilmadi.

«2019 yilda AQSHning Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi (USCIRF) ikki mamlakatda — Sudan va O‘zbekiston — diniy erkinlik sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha muhim yutuqlardan mamnun bo‘ldi. Ushbu mamlakat hukumatlari ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun USCIRF bilan yaqindan hamkorlik qildilar. […] O‘zbekiston diniy erkinlik sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha so‘nggi yillardagi majburiyatlarini bajarish uchun 2019 yilda muhim qadamlarni qo‘ydi, shuningdek USCIRF bilan yaqindan maslahatlashdi», — deyiladi hisobotning kirish qismida.

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligining qayd etishicha, ushbu qaror bilan USCIRF O‘zbekistonda diniy erkinlik bo‘yicha amalga oshirilgan ijobiy qadamlarni tan olgan, chunki Komissiya mamlakatni diniy erkinliklarni buzuvchilarning «qora ro‘yxatiga» kiritilishi kerakligini ta’kidlaganiga qaramay, Davlat Departamenti 2018 yil dekabr oyida O‘zbekistonni alohida e’tibor beriladigan davlatlar ro‘yxatidan chiqarib, «maxsus ro‘yxat» ga kiritgan edi.

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonda din erkinligi uchun sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida hukumat diniy jamoalarni ro‘yxatdan o‘tmagan faoliyatlari uchun reyd qilish amaliyotini to‘xtatdi. 2019 yil avgust oyida «Jasliq» qamoqxonasi yopildi. «Hukumat diniy erkinlikni yaxshilash uchun AQSH va boshqa xalqaro sheriklar bilan hamjihat ishlashni davom ettirdi», deyiladi O‘zbekiston bo‘yicha hisobot qismida.

«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida» yangi qonunni qabul qilish jarayoni to‘liq yakunlanmaganligi, shuningdek, diniy sabablarga ko‘ra mahkum etilganlarni ozod qilish amaliyotini davom ettirish zarurligiga e’tibor qaratib, Komissiya hisobotda O‘zbekistonni «maxsus kuzatuv ro‘yxati»da saqlanishini tavsiya qiladi.

Bu yil Davlat departamenti O‘zbekistonni 2019 yilda belgilangan «maxsus kuzatuv ro‘yxati» dan chiqarish to‘g‘risida yakuniy qaror qabul qilishi kutilmoqda, deyiladi tashqi ishlar vazirligining xabarida.

Ma’lumot uchun, AQSHning Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha komissiyasi (USCIRF) — bu mustaqil AQSH federal hukumat komissiyasi bo‘lib chet elda diniy erkinliklar bo‘yicha universal huquqni himoya qilish bo‘yicha faoliyat olib boradi. USCIRF dunyo mamlakatlarida diniy erkinliklar borasidagi huquq va erkinliklar buzilishi holatlarini ko‘rib chiqadi va AQSH prezidenti, Davlat kotibi va Kongressga siyosiy tavsiyalar beradi. USCIRF komissarlari AQSH prezidenti va Kongressdagi ikkala siyosiy partiyaning rahbariyati tomonidan tayinlanadi.